O‘zbek tiliga davlat tili maqomini bergan qonun qabul qilinganiga 25 yil to‘lgan kuni hamkasbim tinglovchilarimizga yaxshi bir sovg‘a tayyorlabdi: shoir Erkin Vohidovning “So‘z latofati” kitobidan uzindilarni maza qilib o‘qidim.
E‘tiboringizni o‘sha uzindilardan bittasiga qaratmoqchiman.
Shoir yozadi:
“Og‘zingni yum, ovozingni o‘chir, degan so‘zni tug‘ilgandan o‘lguncha eshitamiz. Jim bo‘lish bizga asrlar davomida singdirilgan. Hujayralarimizga jo bo‘lgan. Yashagan yurtimiz o‘chgan ovozlar mamlakati bo‘ldi. “G‘uncha to og‘zini ochdi, bo‘ldi vayron oqibat” degan she‘rlar bizni tarbiyaladi. Ozod va mustaqil bo‘lib ham ichki hadikdan to‘la forig‘ bo‘lmadik…”
Muxbirimiz Shoirning kitobidan olgan bu uzindi davomida yana bir jumla bor, lekin uni keyinga qoldiramiz.
Yaxshi gap aytibdi Shoir. Alamli gap aytibdi.
Printsipda, Shoirning bu gapi yangi gap emas – Ozodlikning oz sonli ekspertlari bot-bot takrorlab turadigan gap.
Shunday bo‘lsa-da, bu gapga e‘tiboringizni qaratayotganim sababi uni Muhammad Solih, Tolib Yoqubov yoki Kamoliddin Rabbimov kabilar emas, aynan Erkin Vohidovning aytganida.
Bas, Erkin Vohidovki shunday fikrda ekan...
Lekin Shoir fikrini g‘alatiroq tugatganki (keyinga qoldirganimiz jumlani nazarda tutayapman), o‘sha “g‘alatlik” bois yozayapman o‘qiyotganingizni.
“...Ozod va mustaqil bo‘lib ham ichki hadikdan to‘la forig‘ bo‘lmadik”dan keyin Shoir mana bu jumlani yozgan:
“Darhaqiqat, shahar qurish osonu ongni o‘zgartirish qiyin ekan”.
Bu jumla avvalgi achchiq gaplardan muallifning o‘zida paydo bo‘lgan qo‘rqinch mahsuli emasmi?
Nahotki Shoir “shahar qurayotganlar” xalqning “ongini o‘zgartirish”ga harakat qilayotganiga ishonadi?
Aksincha, "ozod va mustaqil" bo‘lgandan keyin ahvol yana-da abgorlashmadimi?
Axir, millatning “asrlar davomida singdirilgan hadikdan forig‘ bo‘lolmayotgani” Co‘z Aytish Vakolati bor shoirlarining nozik nuqtada “shaharsozlar”ga reverans qilvorishlaridan emasmi?
Uzr, reverans devordim.
"Xushomad" bo‘lsa kerak o‘zbekchasi.