Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:30

Rossiya "Yoshlar" harakati rahbarini O‘zbekistonga ekstraditsiya qildi (VIDEO)


Maxsud Abdujabborov
Maxsud Abdujabborov

O‘zbekiston talabi bilan “odam savdosi”da ayblanib, qariyb 2 yil oldin Sankt-Peterburgda hibsga olingan “Yoshlar” harakati rahbari Maxsud Abdujabborov O‘zbekistonga berib yuborildi. Maxsudning yaqinlari uning Rossiyada siyosiy qochqinlik so‘raganiga qaramay, qonunga zid ravishda ekstraditsiya qilinganini gapirmoqda.

O‘zbekistonga berib yuborilishidan bir necha kun oldin Maxsud Abdujabborov Ozodlikka Chelyabinsk tergov izolyatoridan turib intervyu bergan edi.

2017 yilning 20 iyul kuni "Umumrossiya “Yoshlar” ijtimoiy harakati" tashkiloti (Vserossiyskoe molodyojnoe dvijenie "Yoshlar") rahbari va Muhojirlarni o‘qitish mintaqaviy markazi boshlig‘i Maxsud Abdujabborov qariyb 2 yillik sud tortishuvlaridan keyin Toshkentga ekstraditsiya qilindi.

Bu ma’lumotni Ozodlikka tasdiqlagan mahbusning rafiqasi Ilona oxirgi telefon qo‘ng‘irog‘ini Maxsud Toshkentga uchishga hozirlanayotgan uchoqdan qilganini aytdi:

- Uni o‘tgan haftada ekstraditsiya qilishdi, Toshkentga olib ketishdi. O‘shandan beri u bilan aloqa yo‘q. O‘sha kuni men uning feysbuk sahifasida bu haqda ma’lumot berdim va uning prezident Mirziyoevga elektron qabulxona orqali yo‘llagan ochiq xatini chop etdim. Bu 20 iyul kuni edi – menga uchoqdan turib Toshkentga olib ketilayotganini bildirdi, dedi Ilona.

Suhbatdosh ekstraditsiyadan bir necha kun oldin Maxsud Abdujabborov ishi Rossiya Oliy sudida qo‘rib chiqilgani va uning berib yuborilishi ustidan qilgan arzi rad etilganini ma’lum qildi.

“Sud qarori chiqishidan bor-yo‘g‘i 3 kun o‘tib u ekstraditsiya qilindi, vaholanki Strasburg sudiga qilgan murojaatiga javob kutayotgan edi”, deya davom etadi Ilona.

- Menimcha, uning arizasi Strasburgga yetib bormadi, chunki Oliy sud qaroridan keyin uni tezda jo‘natib yuborishdi. Xato qilmasam, O‘zbekistonda u JK 135 moddasi – “odam savdosi”da nohaq ayblanmoqda. Uni 2014 yilning avgust oyida o‘g‘irlab ketishgandi Toshkentga, keyin qo‘yib yuborishdi. Toshkent tergov izolyatoridan chiqarilgan kuni unga nisbatan yangi ayblov e’lon qilindi, dedi Ilona.

Abdujabborov so‘nggi yillarda Rossiyadagi ko‘plab o‘zbek diasporalari, O‘zbekiston elchixonasi va konsulligi faoliyatini jiddiy tanqid qilib kelayotgan edi.

Ozodlik Rossiya Migratsiya xizmati rasmiylari Maxsud Abdujabborovni 2014 yilning 14 avgust kuni Sankt-Peterburg shahrining “Pulkovo” aeroportidan “O‘zbekiston havo yo‘llari” samolyotida vataniga jo‘natib yuborgani to‘g‘risida xabar bergan edi.

O‘shanda huquqbon noma’lum sabablarga ko‘ra Toshkent hibsxonasida 2 oy ushlanib, “ijtimoiy-siyosiy ishlar bilan boshqa shug‘ullanmaslik to‘risida ogohlantirilib” qo‘yib yuborilgan va Rossiyaga qayta kirib kelgan edi.

Faol fuqarolik pozitsiyasiga ega 38 yoshli asli samarqandlik bu shaxs ikkinchi marotaba 2015 yilning 3 oktyabr kuni Sankt-Peterburgda hibs etildi. Samarqandlik tergovchilar Maqsudni “odam savdosi”da ayblab, xalqaro qidiruvga bergani ma’lum bo‘ldi.

“Iqrorlarimga ishonmang!”

Oxirgi 2 yil davomida Rossiyaning 4 ta qamoqxonasida o‘tirgan Maxsud Abdujabborov ekstraditsiya qilinishidan bir necha kun oldin Orenburg qamoqxonasidan Ozodlikka intervyu berdi.

Махсуд Абдужабборовнинг Оренбургдаги изолятордан жўнатган видеомактуби
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:01 0:00

O‘zining ta’qibga uchrashiga u 2013 yilda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi faoliyatiga e’tibor qaratish talabi bilan “Yoshlar” harakati nomidan prezident Islom Karimovga qilgan murojaati sabab bo‘lganini gapirib berdi.

- Meni ekstraditsiya qidiruvi asosida 135-modda, ya’ni odam savdosi, odam yollash, ularning pasportlarini olib qo‘yish va ekspluatatsiya qilishda ayblashayapti. Vaholanki, men 2008 yildan buyon O‘zbekiston hududida yashamayman! Men O‘zbekiston vatandoshligidan voz kechmaganman. 2014 yilda Toshkentda qo‘yib yuborilganimdan keyin Rossiyaga kelib yana jinoiy ish ochilganini bildim. Rossiya hududida jinoyat sodir etgan bo‘lsam nega Rossiya meni sudlamayapti?! 2 oydan keyin o‘tirganimga 2 yil to‘ladi: Piterdagi Lebedev, Kirov, Yekaterinburg qamoqxonalarida bo‘ldim va hozir Orenburg tergov izolyatorida o‘tiribman. Men O‘zbekiston elchixonasini biznes, madaniy aloqalar va boshqa jihatlardan qilgan tanqidim uchun javobgarlikka tortildim, dedi Maxsud.

O‘zbekistonlik huquq faoli qamoqxonada turib prezident Shavkat Mirziyoev faoliyatini kuzatib borayotgani va “Kamolot”yoshlar ijtimoiy harakatining tarqatib yuborilganini ijobiy baholadi. U o‘zi boshqargan “Yoshlar” harakati hozirda O‘zbekistonda ayni nom ostida tuzilgan harakat bilan yagona prinsiplarda ekanini ta’kidlab o‘tdi.

"Ёшлар" ҳаракати раҳбари Махсуд Абдужабборов билан тўлиқ суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:16:33 0:00
Бевосита линк

Mahbus yigit prezident Mirziyoev nomiga yo‘llagan xatda hukumatni Rossiya qamoqxonalarida qolayotgan o‘zbekistonliklar taqdiriga e’tibor qaratishga chaqirganini ham aytdi. Uning fikricha, Rossiya sud va tergov tizimlarida asosan xorijliklar huquqlari mutlaqo ta’minlanmayotir:

- Rossiya hududidagi sudlarda xorijlik, jumladan o‘zbeklar, tojiklar tomonidan keltirilayotgan har qanday isbot-dalillarga noxolis munosabatda bo‘lishadi. Qo‘lga olinsa bas – qamaladi yo jarimaga tortiladi! Ular amnistiyaga tushirilmaydi ham. Masalan, men o‘tirgan Orenburg qamoqxonasidagi 800 mahbusdan 540 nafari – o‘zbekistonlik! Ularning aksar qismi – Rossiya chegarasini noqonuniy kesib o‘tishda ayblanmoqda. Yurtdoshlarimga aynan shu masalada ehtiyot bo‘lishlarini va qalloblarga pul berib, “chegaradan eson-omon o‘taman”, deb o‘ylab o‘tirishmasliklarini so‘rayman, dedi Maxsud.

Suhbat so‘ngida u o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarning barchasini rad etayotgani va bundan keyin ham rad etishini ma’lum qildi:

- Agarda meni ekstraditsiya qilishsa bayonot bermoqchimanki, meni ayblashayotgan jinoyatlarni sodir etmaganman. Hatto O‘zbekistonga tushib, qandaydir jinoyatni bo‘ynimga olsam ham ishonmang – bu bosim yoki qiynoq ostida olingan iqrordir, dedi Maxsud Abdujabborov.

XS
SM
MD
LG