24 yanvar kuni “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi” stipendiyasi uchun tanlovning respublika bosqichi g‘oliblari e’lon qilindi.
Ittifoq rasmiy saytida e’lon qilingan ro‘yxatda ism-familiyasi keltirilgan 14 talaba - 12 viloyat, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahridan 1 nafardan - bu yil Yoshlar ittifoqi stipendiyasini oladi.
Ittifoq o‘z stipendiatlari ro‘yxatini e’lon qilishi ortidan stipendiya uchun tanlovda qatnashgan va o‘zini aldanib qolgan deb hisoblayotgan talabadan Ozodlikka shikoyat keldi.
Stipendiya necha pul?
“O‘zbekiston yoshlar ittifoqi” stipendiyasi to‘g‘risidagi nizomda uning (stipendiyaning) bir oylik summasi eng kam ish haqining uch barobari miqdorida bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.
2017 yilning 1 dekabridan buyon O‘zbekistonda eng kam ish haqi 172240 so‘m, demak, stipendiya 516720 so‘mdir. Bu miqdordagi stipendiya talabaga 10 oy davomida beriladi. Yoshlar ittifoqi stipendiatlari, shuningdek, “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni va “Kelajak bunyodkori” medalini olishga nomzod sifatida tavsiya etilishi mumkin.
Talaba nima deb yozdi?
Ismi va o‘quv yurti aytilmasligini so‘ragan talabaning Ozodlikka yozishicha, “Yoshlar ittifoqi stipendiyani talabalar orasida zo‘r berib targ‘ib qilgan”.
Targ‘ibot ishlari Ittifoqning Telegramdagi kanalida ham olib borilgani to‘g‘risida yozdi talaba.
“Tanlovda har bir oliy o‘quv yurtidan kamida 5 talaba g‘alaba qilishi mumkinligi, ya’ni stipendiya olishi mumkinligi haqida yozishdi. Shuning uchun qatnashishga qaror qildim. Tunlari uxlamay o‘qidim, biznes-planlar tuzdim, innovatsion g‘oyalar haqida o‘yladim. Talab qilingan hujjatlarni yig‘ib topshirdim”, deyilgan xatda.
Talabaning maktubida mana bu ma’lumotlar keltirilgan: Stipendiya uchun tanlovga O‘zbekiston bo‘ylab 1178 talaba qatnashgan, ulardan 331 nafari testlardan o‘tgan.
O‘tganlar orasida xat muallifi ham bo‘lgan.
Shundan so‘ng 24 dekabr kuni innovatsion g‘oyalar va biznes-rejalar taqdimoti o‘tkazilgan. Talaba bu jarayonda hakamlik qilganlar o‘zlarini o‘ta loqayd tutgani, talabalarning aytganlariga be’etibor qaragani to‘g‘risida kuyunib yozdi.
Xullas, qahramonimiz stipendiyalik bo‘ldim, deb o‘ylagan. Avvaliga natijalar 30-31 dekabrda e’lon qilinishini aytishgan. Lekin ular va’da qilingan muddatdan qariyb 1 oy o‘tib - 24 yanvarda e’lon qilingan.
“Natijalar e’lon qilingach, xafsalam pir bo‘ldi. Tanlovda qatnashganlarning “uzoqni ko‘zlagan” yoshlar tashkilotidan ko‘ngli sovidi. Butun boshli Toshkent shahridan bir talaba, birgina talaba g‘olib topildi. Axir har bir institutdan 5 nafardan talaba oladi stipendiyani deyishgan ediku?!” - deb yozdi talaba.
Nizomda nima deyilgan?
Ozodlik xafsalasi pir bo‘lgan talabaning savollariga javob topish uchun Yoshlar ittifoqi bilan bog‘lanish oldidan Stipendiya to‘g‘risidagi nizomni o‘rgandi.
Nizomning 3.4- moddasida tanlov 3 bosqichdan iborat ekanligi, ikkinchi bosqichda “yuqori ball to‘plagan har bir oliy ta’lim muassasalaridan 5 nafargacha munosib nomzodlar saralab olinishi” aytilgan.
Shundan so‘ng uchinchi bosqich haqida aytilganki, Nizomdan iqtibos keltiramiz:
“Uchinchi bosqich – yakuniy bosqich bo‘lib, mazkur bosqichga yo‘llanma olgan ishtirokchilarning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-huquqiy savodxonligi hamda loyiha taqdimoti baholanadi. Markaziy Kengashning yo‘nalishlar bo‘yicha bo‘lim mudirlaridan tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan nomzodning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-huquqiy savodxonligi hamda loyihasi taqdimotiga qaratilgan suhbat tashkil etiladi. Suhbat natijalariga ko‘ra munosib deb topilgan hamda baholash natijalariga ko‘ra yuqori ball to‘plagan nomzodlar stipendiya sohibi deb topiladi”.
Ozodlikka yozgan talabaning aytishicha, uchinchi bosqichga 331 talaba o‘tgan.
Nizomning uchinchi bosqichga oid yuqorida keltirilgan talablarini IDEALDA HAR BIR TALABA BAJARIShI MUMKIN.
Va eng muhimi, Nizomda hammasi bo‘lib nechta stipendiya berilishi aytilmagan.
Nega shunday bo‘ldi?
Bu va boshqa savollarimizni berish uchun Yoshlar ittifoqining Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash bo‘limi bilan bog‘landik. Bo‘limning o‘zini tanishtirmagan mulozimi savolni eshitgach, biroz o‘ylanib qoldi va so‘ng “men bu masalani bilmayman, boshqa bo‘limlarga murojaat qiling”, deb aloqani uzib qo‘ydi.
Boshqa bo‘limlar aksariyatining raqamlari 170 dan boshlanadigan telefonlari o‘chirib qo‘yilganini har gal operator aytib turdi.