7 iyun kuni Vladimir Putin yana bir marta Rossiya xalqi bilan jonli muloqotga o‘tkazdi.
16-marotaba o‘tgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda Rossiya prezidenti odamlardan kelayotgan savollar, taklif-mulohaza, arz va shikoyatlariga javob berdi. Tashkilotchilar muloqot davomida odamlardan 2,3 million murojaat kelib tushganini bildirdi.
Bu muloqotni jonli efirga uzatgan “Rossiya” telekanali jurnalistlari uni yana “yilning eng muhim hodisasi” sifatida taqdim etdi.
Savollarning asosiy qismi - pensiya yoshining oshirilishi, qashshoqlik va kambag‘allik, benzin narxi va soliqlar hajmi oshirilayotgani, sog‘liqni saqlash hamda sanksiyalarga bag‘ishlandi.
Bu yilgi dasturda Vladimir Putin ayrim mintaqa rahbarlarini o‘z hududiga oid savollarga javob berishga tortdi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot davomida Rossiya rahbariga yoqimsiz va og‘ir savollarning asosan SMS shaklida yuborilgani kuzatildi. Kelib tushayotgan savollarning ayrimlari dasturning maxsus saytida chop etildi.
Ayni kunlarda rossiyaliklar orasida keng muhokama qilinayotgan pensiyaga chiqish yoshining oshirilishi masalasida berilgan savolga Putin:
- Bu masalaga juda ehtiyotkorlik va sinchkovlik bilan qarayman. Hukumatimiz oldida qo‘yilgan asosiy savol – aholimiz daromadlarini oshirish. Yana bir masala- qashshoqlikda yashayotgan odamlar sonini ikki barobarga kamaytirish, deya aniq javob berishdan o‘zini olib qochdi.
Sanksiyalar bekor qilinadimi?
7 iyun kungi jonli muloqot davomida Vladimir Putinga Rossiyaga nisbatan joriy qilingan G‘arb sanksiyalari to‘g‘risida ham savollar berildi.
Bu mavzuda gapirgan Putin¸ ayrim G‘arb davlatlari sanksiyalarni bekor qilish haqida gapira boshlaganini bildirdi.
- Bizning G‘arbdagi hamkorlarimiz sanksiyalar bilan to‘qnash kelishini o‘ylab ko‘rmagan edi. Ammo AQShning po‘lat va alyuminiyga kiritilgan bojlari – sanksiyadir. Aslida AQSh o‘z hamkorlariga qarshi sanksiyalar joriy etdi, dedi barcha davlat rahbarlarini muzokaralarga chaqirgan Vladimir Putin.
Benzin narxi oshirildi
Vladimir Putin jonli muloqot davomida iyun boshlarida benzin narxining ko‘tarilganini ham izohlashga majbur bo‘ldi.
“Solyarka litri 45 rublga ko‘tarildi, yana qancha chidaylik bunga? 18 mart kuni butun mamlakat sizga ovoz bergandi, siz bo‘lsa benzin narxi oshirilishi to‘xtata olmayapsiz”, deya berilgan savolga u narxlarning oshirilishini “neft eksportini rag‘batlantiruvchi soliq manyovri” o‘laroq baholadi:
- To‘g‘ri aytasiz, Aleksey, bu narsaga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Tan olish kerak - bu energetika sohasidagi noto‘g‘ri boshqaruv natijasi, dedi Putin hukumat benzin narxining bundan so‘ng oshishiga yo‘l qo‘ymasligini va’da bergan prezident.
Ukraina masalasida
Jonli muloqot davomida Kreml rahbari mamlakatdagi ichki vaziyat barobarida¸ xalqaro munosabatlar ahvoliga oid savollarga ham javob berdi.
Xususan¸ Putin Ukraina hukumatini joriy oy Rossiyada boshlanadigan futbol bo‘yicha jahon chempionati paytida rossiyaparast separatchilar nazoratidagi sharqiy hududlarga hujum qilish oqibatidan ogohlantirdi:
- Men bunday fitna bo‘lmasligiga umid qilaman. Agar bo‘lsa¸ bu ukrain davlatchiligi uchun juda og‘ir oqibatlarni keltirib chiqaradi¸ deya tahdid qildi Putin 7 iyun kungi bayonotida.
Shuningdek Putin Rossiya hukumatining Ukraina sharqida tinchlik o‘rnatishga qaratilgan Minsk tinchlik kelishuviga sodiq ekanini iddao qildi va bu kelishuvning ishlamayotgani uchun Kiev hukumatini aybladi.
Qochqinlar va Rossiya grajdanligi masalasi
Ukraina Sharqidagi jangovar harakatlardan qochgan va Rossiyada grajdanlik ololmayotganlar masalasida Rossiya prezidentidan “sanoqsiz va qimmat turadigan hujjatlar yig‘ish”ni bekor qilish so‘raldi.
- Ukrainadan kelgan qochqinlarning ishga joylashtirish bilan bog‘liq muammo borligini tinglab, noqulay ahvolga tushayapman. Ular og‘ir hayotiy vaziyatda va ular bizga begona emas. Biz Rossiya qonunchiligi bu masalada liberallashishi kerak, leb o‘ylayman, deya bayonot berdi Putin.
U Rossiya vatandoshligini olib, ko‘chib o‘tish istagida bo‘lgan Ukraina va sobiq SSSR davlatlari grajdanlariga yengillik yaratish kerakligini ma’lum qildi.
Putinning fikricha, Rossiya grajdanligini “milliy va diniy mansubligi nuqtayi nazaridan qat’iy ravishda” – “rus olami bilan bog‘liq, rus tilini biluvchi, Rossiyada ishlashni xohlovchilar” olishi kerak.
Rejissyor Sensov ozodlikka chiqariladimi?
Jonli muloqot davomida Putinga Rossiya qamoqxonasida 24 kundan beri ochlik aksiyasini davom ettirayotgan ukrainalik kinorejissyor Oleg Sentsov taqdiri xususida ham savollar berildi. Putin Sentsovni Ukrainada qo‘lga olingan jurnalist Kirill Vishinskiyga almashtirish masalasi ko‘rilmayotganini bildirdi.
Rossiya maxsus xizmatlari kinorejissyor Oleg Sensov va Aleksandr Kolchenkoni 2014 yilnnig may oyida Qrimda qo‘lga olgan edi. Ular Rossiya tomonidan Qrimda terror harakatlarni rejalashtirganlikda ayblanmoqda.
2015 yilda Rostov sudi Sensovni 20 yilga, Kolchenkoni 10 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. Sudlanganlar o‘z ayblarini tan olmaganlar.
“Rossiya hozircha Suriyadan qo‘shinini olib chiqmaydi”
Suriya masalasida savol berganlardan biriga Rossiya rahbari “qo‘shinlarimiz Suriyada Rossiya manfaatlariga qancha kerak bo‘lsa¸ shuncha ushlab turiladi”, deya javob qaytardi.
U Suriyadagi Rossiya harbiy qismlari hozircha olib chiqilmasligini ayta turib¸ shu o‘rinda “Markaziy Osiyo davlatlari chegaralarida” qurollangan terrorchilar to‘planayotgani haqida bayonot qildi :
- Bu qo‘shinlarni olib chiqishni biz rejalashtirayotganimiz yo‘q. Men bu tuzilmalarni “bazalar” deb atamaganimga e’tibor qaratmoqchiman – biz uzoq muddatga mo‘ljallangan inshootlarni u yerda qurayotganimiz yo‘q. Suriya – Rossiya qurolini sinash uchun poligon emas, ammo biz bu qurolni u yerdagi jangovar vaziyatlarda takomillashtirayapmiz, dedi Vladimir Putin.
Eslatish lozimki, bundan bir yil oldingi muloqot chog‘ida aynan Vladimir Putinning o‘zi “Suriyadagi urushni Rossiya eng zamonaviy harbiy qurol-aslahalari namunalarini ishlatish uchun qulay poligon” deb atagan edi.
Undan tashqari, Putinning iddaosicha, bugungi kunda Suriya hududida Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlaridan borib qolgan minglab terrorchilar yig‘ilib qolgan.
- Ularni bu yerda qurol bilan qabul qilishdan ko‘ra, o‘sha yerda yo‘q qilgan ma’qul, dedi Kreml xo‘jayini.
U Rossiya Qurolli Kuchlari yordamida bugunda Bashar Asad qo‘shinlari 90 foiz suriyalik yashovchi hududni nazorat ostiga olganini ma’lum qildi.
Buning ortidan Vladimir Putin Rossiyada ishlab chiqilayotgan va armiyani qurollantirishga jo‘natilgan yadroviy va noyadroviy raketalar, lazer komplekslari va boshqa qurol-aslahalar to‘g‘risida batafsil gapirdi. Bundan oldinroq u insoniyat 3- jahon urushi domiga tortilmasligiga ishonishi, zero “biri birini Yer yuzidan yo‘qotish xavfi davlatlarni bu masalada o‘ylab ish tutishga majburlayotganini” bildirdi.
Muloqot davomida “Sizning asosiy aqidangiz nimada iborat?” deya berilgan blits-savollardan biriga prezident Vladimir Putin ikkilanmasdan “Yolg‘on gapirmaslik!” deya javob berdi.