Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:36

Zeromaxning sobiq rahbari Mirodil Jalolov DXX qamog‘idan ozod bo‘ldi


Mirodil Jalolov 2010 yili qo‘lga olingan edi.
Mirodil Jalolov 2010 yili qo‘lga olingan edi.

Zeromax shirkatining sobiq bosh ijrochi direktori 53 yashar Mirodil Jalolov 8 yanvar kuni O‘zbekiston DXX Tergov hibsxonasidan ozod qilinib, Toshkentdagi uyiga keldi. Bu haqda Mirodil Jalolovning xotini Fotima Jalolova Ozodlikka bildirdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi Jalolovga nisbatan "qamoq" ehtiyot chorasini bekor qilib, sud zalidan ozod qildi.

- Mana bugun ozod bo‘lib uyga kirib keldi. Quvonchimiz cheksiz. 8 yil o‘tirdi qamog‘da. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevga minnatdorlik bildiraman¸ - dedi Fotima Jalolova.

Ozodlikda nusxasi bo‘lgan Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining 2-65-18 raqamli 2019 yil, 8 yanvardagi ma’lumotnomasida yozilishicha, Jalolov O‘zbekiston DXX Tergov hibsxonasidan ozod qilinib, unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi bekor qilingan:

“Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining 8 yanvardagi hukmiga ko‘ra¸ Jalolov Mirodil Sobitovichga qo‘llanilgan “qamoq” ehtiyot chorasi bekor qilinib¸ darhol sud zalidan qamoqdan ozod qilinsin”.

Ozod ammo aybdor

Ayni paytda sud o‘z hukmi bilan Mirodil Jalolovni aybli deb topib jarimaga tortgan:

- Jalolov JKning 167- moddasi 3- qismi “a”bandi¸ 228- moddasi 2- qismi “a b” bandlari va 228- moddasi 3-qismi bilan aybli deb topilib¸ unga 17¸687.040 so‘m jarima jazosi tayinlansin¸ deyiladi sudning O‘zbekiston Respublikasi DXX Tergov hibsxonasi yuborgan ma’lumotnomasida.

2010 yil hibsga olingan Jalilov ishi 2017 yilning 4 yanvarida ko‘rib chiqilgan edi.

Ozodlik o‘shanda sud ajrimiga tayanib, Mirodil Jalolovning sud zalidan ozod etilgani va o‘sha kuniyoq Toshkent viloyatidagi dala hovlisiga ketganini xabar qilgan edi.

2017 yilgi sud ajrimida Mirodil Jalolovga "jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan zararni qoplash uchun vaqt" berilgani alohida ta’kidlangandi.

Biroq yaqinlaridan birining o‘shanda ma’lum qilishicha, "o‘nlab million dollar"ni tashkil etgan "yetkazilgan zarar"ni qoplashga muvaffaq bo‘lmagach, Mirodil Jalolov mart oyida yana qamoqqa olingan edi.

O‘shandan buyon tadbikor "Gvardeyskiy" izolyatorida saqlanayotgan edi.

Zeromaxning qulatilishi

Shveysariyada ro‘yxatdan o‘tgan Zeromax shirkati O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi, qurilish, to‘qimachilik sanoati, transport, shuningdek, neft, gaz va oltin qazib chiqarish bilan shug‘ullangan.

2005 yilda ishga tushirilgan Zeromax neft va gaz shirkati tarkibidagi UzGazOil AYoQShlari, ko‘p o‘tmay, xizmat va mahsulot sifati borasida boshqalarga o‘rnak bo‘lgan yonilg‘i shoxobchalariga aylandi.

2008 yilda Zeromax e’lon qilgan rasmiy raqamlarga ko‘ra¸ shirkat aktivlari o‘shanda 3.298 milliard Shveysariya franki (qariyb 4¸5 milliard AQSh dollari)ni tashkil qilgan.

Biroq 2010 yil martida Zeromax kasodga uchragani e’lon qilindi va unga tegishli barcha mol-mulkka hibs qo‘yildi.

2010 yilning may oyida O‘zbekistonda Zeromax faoliyati to‘xtatildi, shirkatga tegishli mol-mulk davlat foydasiga musodara qilindi va shirkatning banklardagi hisoblari muzlatildi.

O‘zbekiston xalqi orasida "Odilboy" nomi bilan tanilgan Mirodil Jalolov esa 2010 yil sentabrida Zeromax shirkatining O‘zbekistondagi faoliyati to‘xtatilib, barcha hisob raqamlari muzlatib qo‘yilgan paytda hibsga olingan edi.

Zeromax aktivlari va AYoQShlari UzGazOil milliy xoldingi tasarrufiga o‘tkazilgan edi.

XS
SM
MD
LG