Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:13

“Piyoz ishi” figurantlaridan yana biri tergov izolyatorida o‘ldi


30 mart kuni Toshkentda "Piyoz ishi" doirasida sudlanayotgan bozorqo‘mlardan biri - “Bek To‘pi” bozori sobiq rahbari 57 yashar Shukrillaxon Ergashev tergov izolyatorida vafot etdi.

Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, Shukrillaxon Ergashev o‘z ajali bilan o‘lgan.

Bu “Piyoz ishi” figurantlari bilan bog‘liq ikkinchi o‘lim holatidir. 12 noyabrda “Chilonzor buyum savdo kompleksi”ning kapital qurilish bo‘limi boshlig‘i Dilshod Abdullaev tergov izolyatorida o‘zini osib, o‘ldirgandi.

“Piyoz ishi” bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi tergovi yakunlanib, yaqinda ish sudga oshirildi. Hozirda ushbu ish bo‘yicha jami 23 kishi sudlanmoqda, ulardan 10 nafari panjara ortida o‘tiribdi.

Piyoz ishi: Izolyatordan chiqqan yana bir jasad

Ozodlikka 1 aprel kuni ma’lum bo‘lishicha, “Piyoz ishi” figurantlaridan yana biri - 57 yashar Shukrillaxon Ergashev 30 mart kuni 1-sonli Toshkent tergov izolyatorida yurak xurujidan vafot etgan.

“Shukur akaning o‘zi keyingi paytda sog‘ligi yaxshi emasdi. Fevralning boshida uni Toshturmaning tibbiy bo‘limiga yotqizishgan. Shukur akada diabet bor edi, keyin yuragining ham mazasi yaxshi emasdi. Bizga uni “infarktdan o‘ldi”, deyishdi. Biz ham shunga ishonishga majburmiz. Chunki yonida bo‘lmaganmiz, aslida nima bo‘lganini bilmaymiz”, dedi Ergashevning yaqinlaridan biri ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

"Toshturma" nomini olgan 1-sonli Toshkent tergov izolyatori.
"Toshturma" nomini olgan 1-sonli Toshkent tergov izolyatori.

Mahbus Shukrillaxon Ergashevning izolyatorda yurak xurujidan o‘lganini Bosh prokuraturaning matbuot xizmati ham tasdiqladi.

Hozirda Shukrillaxon Ergashevning o‘limi sabablarini aniqlash maqsadida tibbiy ekpertiza tayinlangan hamda tergov izolyatoridagi nazorat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

Toshkentdagi "Bek to‘pi" bozori sobiq rahbari Shukrillaxon Ergashev o‘tgan yilning yozida hibsga olingan va unga nisbatan Jinoyat kodeksining 167- moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bo‘yicha ayblov ilgari surilgan.

"Piyoz ishi"ga oid hujjatlarga ko‘ra, "Bek to‘pi" bozori 3,3 milliard so‘mga 2 ming tonnaga yaqin piyoz xarid qilgan. Piyoz xarid qilingan paytda bozorga Shukrillaxon Ergashev rahbar bo‘lgan va oradan biroz muddat o‘tib, u ishdan ketgan. Uning o‘rniga rahbar bo‘lgan Botir Toshmatov ham hozirda "Piyoz ishi" sudlanuvchilari safida.

"Piyoz ishi" doirasida o‘tkazilgan tergov davomida yirik rastratada ayblanib, qamoqqa olingan yana bir mahkum- “Chilonzor buyum savdo kompleksi”ning kapital qurilish bo‘limi boshlig‘i Dilshod Abdullaevning o‘ligi 12 noyabr kuni tergov izolyatoridan chiqarilgan edi.

Dilshod Abdullaev yaqinlari Ozodlik bilan muloqot davomida mahkumning “tergov izolyatorida qiynab o‘ldirilgani¸ keyin “o‘zini osdi”, deb rasmiylashtirilganini iddao qilgan.

Bosh prokuratura Abdullaevga nisbatan ruxsat etilmagan hech qanday metodlar qo‘llanilmagani, "u o‘z joniga qasd qilgani”ni bildirgan.

“Piyoz ishi” sudi

Bosh prokuratura tomonidan tergov qilingan “Piyoz ishi” bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi yaqinda sudga oshirildi. 1 aprel kuni sudning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Sudlanuvchilarning yaqinlaridan biriga ko‘ra, mahkamada poytaxtdagi o‘ndan ziyod bozorning sobiq rahbarlaridan tashqari, bozorlarning bir qancha mas’ullari ham sudlanmoqda.

“Jami 23 kishi sudlanayapti, ulardan 10 kishi panjara ortida o‘tiribdi. Yaqinda Sergeli avtomobil bozori rahbari va Toshkent savdo departamenti boshlig‘ining o‘g‘li qo‘yilgan moddiy zararni qoplagani uchun hibsdan chiqarildi. Ular endi sudga ochiqdan qatnayapti”, dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan sudlanuvchilardan birining yaqini.

Bosh prokuraturaning o‘tgan yilgi bayonotiga ko‘ra, yana uch kishi moddiy zararni qoplagani uchun hibsdan chiqarilgan: “Yunusobod dehqon bozori” rahbarlari O. Mustaev va B. Yusupov tomonidan - taxminan 800 mln. so‘m, shuningdek, “Toshkent oziq-ovqat zaxira” davlat unitar korxonasi direktori R. Rasulov tomonidan - 3,9 mlrd. so‘m miqdorida yetkazilgan zarar miqdori qoplangani inobatga olinib, ularga nisbatan ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Bozorqo‘mlar hibsi

O‘tgan yilning 30 iyun kuni Toshkentdagi kamida 11 ta bozorning rahbari “Toshbozorsavdo” tashkilotida o‘tayotgan majlis payti yoppasiga hibsga olingani haqida Ozodlik dastlab 23 avgust kuni xabar bergan edi.

Bosh prokuratura mulozimiga ko‘ra, bozorlar rahbarlari davlat zahirasidagi piyozning chirib ketgani uchun ochilgan jinoyat ish doirasida qo‘lga olingan.

Voqeadan xabardor manbalarga ko‘ra, dastlab piyoz mojarosi sabab ochilgan jinoyat ishi keyinchalik qo‘lga olingan bozorlar rahbarlarining faoliyatini taftishi bilan davom ettirilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati o‘tgan yilning sentyabrь oyi boshida poytaxtdagi hibsga olingan bozor rahbarlari piyoz mojarosidan tashqari yana bir qator iqtisodiy jinoyatlarda ayblanayotganini ma’lum qildi.

Ushbu jinoyat ishi doirasida sentyabrь oyida Toshkentdagi sobiq “Ippodrom”¸ hozirgi “Chilonzor buyum savdo kompleksi”da ham tekshiruv o‘tkazilib, bozor faoliyati taftish qilingan edi.

Keyinchalik yana bir qancha bozorlar, jumladan, “O‘rikzor” bozori va Toshkentning Izza mavzesidagi metall bilan savdo qiluvchilar bozorini ham soliqchilar bosgani xabar qilingan.

XS
SM
MD
LG