Sirdaryo viloyat, Yangiyer shahar “Dehqon bozori”dagi hususiy do‘konlarga 7 may kuni buldozer solindi.
O‘z do‘konlaridan ajralib qolgan bir guruh tadbirkorlarning Ozodlikka aytishicha, buzish ishlari hokimlik va ichki ishlar xodimlari do‘q-po‘pisasi va zo‘rligi ostida amalga oshirilgan, do‘konlari buzilgan. Do‘konlar buzilishidan avval, ularning egalariga ogohlantirish xatlari berilmagan.
Yangiyer tuman hokimligining qurilish masalalariga mas’ul mulozimi Ozodlik savollariga javoban “Dehqon bozori” o‘rnida ikkita ikki qavatli supermarket va avtomobillar turadigan joy qurilishini ma’lum qildi.
Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan tadbirkorlardan biri do‘koni buzilishi haqida hokimlik vaqtida ogohlantirmagani sabab do‘kon ichidagi hamma molini olib chiqib ketishga ulgurmaganini aytdi.
- Buzilishiga qarshi emasmiz. Lekin, bunaqa bo‘lmaydi-da. Bir kun oldin hokimlikdan kelib do‘koningni bo‘shatmasang, tovarlaring bilan birga buzib tashalanadi", deb ketuvdi. Ertasiga buldozer kelib turibdi. Do‘kondan molimizni hammasini chiqarishga ham ulgurmay qoldikku?! Do‘konlar uchun yetkazilgan zarar kompensatsiyasi masalasiniku gapirmasa ham bo‘ladi. Hokimlikdagilarni bu haqda gapirgisi ham yo‘q, - dedi ismi ochiqlanmasligini istagan yangiyerlik tadbirkor.
Yangiyer shahar hokimligining qurilish masalalariga mas’ul mulozimi bozor o‘rnida savdo majmuasi qurilishi va tadbirkorlarga shu majmuadan do‘konlar ijaraga berilishini aytdi:
- Savdo majmuasi ikkita zamonaviy ikki qavatli supermarketdan iborat bo‘ladi. Atrofida avtostoyankalar quriladi. Bozor shuning uchun buzilyapti. Hamma do‘kon egalari bu haqda bilishgan, ogohlantirilgan. Do‘koni buzilgan barcha savdogarlarga tovon pullari beriladi.
Lekin, hokimlik mulozimi savdo majmuasi qachon qurilib topshirilishi, do‘konlari buzilgan tadbirkorlarga tovon puli qachon berilishi, aholi bozor-o‘charga qaerga borishi haqidagi Ozodlik savollarini javobsiz qoldirdi.
- Buni hokimdan so‘raysiz, - dedi hokimlik mulozimi. Yangiyer tumani hokimi bilan esa bog‘lanib bo‘lmadi.
Yangiyer shahar “Dehqon bozori”ning bir qismidagi do‘konlar o‘tgan yili buzilgan edi.
Lekin, bir yil oldin do‘konlari buzilgan tadbirkorlarga moddiy zarar uchun tovon puli haligacha to‘lanmagan.
- Bizni do‘konimiz o‘tgan yili buzildi. Tovon puli beramiz, supermarket quriladi, o‘sha yerdan do‘kon beramiz, deyishdi. Haligacha berishgani yo‘q. Savdo majmuasi hali qurilmasidan uning ichidagi do‘konlarni hokimga yaqin odamlar band qilib bo‘lgan. Quruq qolgan biz bo‘ldik, - dedi tadbirkor.
Yangiyer shahar "Dehqon bozori"ni buzish O‘zbekistonning aksar shahar va tumanlaridagi kabi¸ prezident Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 27 mart kungi 2853-sonli 2017-2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilmoqda.
Qarorning 16-moddasida hokimliklar dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish ishlarini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda zarur yer uchastkalari ajratilishini, shuningdek ularning hududlari tayyorlanishini hamda bino va inshootlar buzilishi tufayli yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararlar qoplanishini ta’minlashi kerakligi aytilgan.