Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 06:21

Oyog‘ini apparat chaynab ketgan o‘zbek migranti protezga mablag‘ yig‘moqda (FOTO)


Leningrad oblastidagi plastikni qayta ishlash sexlaridan birida oyog‘idan ayrilgan 38 yoshli chustlik G‘ulomjon Po‘latov oyoq proteziga pul yig‘moqda.

Sexda ishga ruxsatnomasiz ishlab kelgani bois, ish beruvchisi migrant ishchiga moddiy yordam ko‘rsatishdan bosh tortmoqda.

Peterburgdagi O‘zbekiston konsulligi G‘ulomjon Po‘latov ishini o‘z nazoratiga oldi.

24 avgust kuni Rossiyaning Leningrad oblast, Kolpino shahri yaqinida joylashgan “PlastEkoServis” MChJsining plastikni qayta ishlash sexida ishlab kelgan 38 yashar o‘zbekistonlik muhojir G‘ulomjon Po‘latovning oyog‘ini plastik maydalovchi apparat chaynab ketgan edi.

O‘zbekistonning Chust tumanidan bo‘lgan migrantni o‘z himoyasiga "Migration78SPb" Migratsiya-adaptatsiya markazi rahbari Ilgiza Yaxshiboyeva olgan.

G‘ulomjon Po‘latov Kolpino shifoxonasida
G‘ulomjon Po‘latov Kolpino shifoxonasida

Ilgizaning Ozodlikka aytishicha, G‘ulomjon Po‘latov tiqilib qolgan plastik xom-ashyoni oyog‘i bilan itarmoqchi bo‘lganida apparat ishlab ketgan va oyog‘ini tortib ketgan:

- G‘ulomjon Po‘latov 2008 yilda Rossiyaga kelgan va oxirgi paytlarda noqonuniy ishlagan. May oyida patenti muddati tugaganiga qaramay, u noqonuniy ishga kirgan va 24 avgust kuni soat 11 larda oyoqlarini drobilka chaynavorgan. Oyoqlariga latta bog‘lab, ish beruvchi “Tez yordam” chaqirmasdan, kunduzgi 2-3larda kasalxonaga olib kelgan.

Vaziyatni o‘rgangan Yaxshiboyevaga ko‘ra, G‘ulomjonning bu sexda noqonuniy ishlab kelgani hech qanday hujjatlarda aks etmasligini istagan “PlastEkoServis” direktori, qolgan ishchilarga “Tez yordam” mashinasini chaqirishni taqiqlab qo‘ygan.

Migrantlar himoyachisi mehnat xavfsizligiga rioya qilinmagan sexning bu apparatlarida malakasiz o‘zbekistonlik ishchilar jalb qilingani barcha qonun va tartiblarga xilof ekanini bildirdi:

- Ish beruvchi Po‘latov sexda jarohat olganini endi tan olmayapti. Katta jarimadan tashqari, bizning harakatlarimiz tufayli, jinoyat ishi ochildi. Tashkilot egalari chet elda yasharkan. Ikki marotaba politsiya xodimi kelib, “Men oyog‘imni o‘zim yo‘qotdim, bu baxtsiz hodisa”, deb ariza yozdirib ketgan ekan – biz boshqattan ariza topshirtirdik!

Aniqlanishicha, Kolpino shahrida joylashgan “PlastEkoServis” shirkati karton, plastik, rezina va sellyuloza va boshqa mahsulotlarni qayta ishlash bilan shug‘ullanib keladi. Bu shirkatda G‘ulomjondan tashqari noqonuniy tarzda yana bir qancha o‘zbek va tojik ishchilari ham ishlagani ma’lum bo‘ldi.

Kolpinodagi “PlastEkoServis” shirkati sexi
Kolpinodagi “PlastEkoServis” shirkati sexi

Ozodlik bilan telefonda gaplashgan zavod direktori Pyotr Dragun o‘zbekistonlik Po‘latovni tanimasligini aytib:

- Yo‘q, bizda o‘zbekistonliklar umuman ishlamaydi, - deya trubkani tashladi.

Ilgiza Yaxshiboyeva kiyim-kechaksiz, telefonsiz, pulsiz nochor ahvolda Kolpino shahar shifoxonasida yotgan oyoqsiz o‘zbekistonlik yigit haqida o‘z tanishlaridan eshitib borganini aytdi.

U tushkun holatda bo‘lgan G‘ulomjon Po‘latov ishiga O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi konsulligi va Mehnat migratsiyasi agentligi vakillarini jalb qilganini aytib, dedi:

- Bu yigitning holatini ko‘rgan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakili Zohid aka tutab ketdilar! Keyin politsiya, Mehnat inspeksiyasi, Peterburg millatlararo qo‘mitasiga konsul Ravshan aka shaxsan murojaat qildi. Konsullikda Po‘latov masalasida maxsus yig‘ilish ham bo‘ldi kecha. Uni bolnisadan chiqarib, O‘zbekistonga yuborishga ko‘maklashishmoqchi.

O‘zbekiston konsulligi vakillari G‘.Po‘latov oldida
O‘zbekiston konsulligi vakillari G‘.Po‘latov oldida

Ilgiza shu kunlarda oyog‘iga qo‘yilgan choklar yechilib ketgani bois chustlik muhojir yana birmuncha vaqt Kolpinoning 33-shifoxonasida qolishini ham qo‘shimcha qildi. Migratsiya markazi rahbari shifoxonadan chiqarilishi kerak bo‘lgan chustlik migrantga vaqtinchalik yashab turishga joy ham zarurligini bildirdi.

Migrant himoyachisining aytishicha, G‘ulomjon Po‘latovning qaramog‘ida Chustda ayoli, uchta voyaga yetmagan farzandi va yoshi keksa otasi qolgan. Ilgiza Yaxshiboyeva ijtimoiy tarmoqlar orqali nogiron bo‘lib qolgan o‘zbekistonlik muhojir oyog‘iga qo‘yilishi kerak bo‘lgan protezga mablag‘ zarurligini ham ma’lum qildi:

- Oyoq yo‘qotib, u biroz ruhiy tushkunlikka tushdi, biroq umumiy ahvoli yaxshi. Kim nima yordam bera olsa – karta nomerlari bor. Uning hatto kundalik ehtiyoj buyumlari yo‘q. Biz protezga pul yig‘ishga harakat qilyapmiz. Bo‘limning bosh shifokori bilan gaplashgan edik – protez 250 ming rubl (~3800 AQSh doll.-tahr) turar ekan. Uni 3 oydan so‘ng qo‘yish mumkin. Ungacha u yashashi, davolanishi va bola-chaqasini boqib turishi kerak, oyoqqa turvolguncha

Chust tumanida 1981 yilda tug‘ilgan va hozirda Kolpinoning 33- shifoxonasi Travmatologiya va ortopediya bo‘limida qolayotgan G‘ulom Usmonovich Po‘latovga ko‘mak berish istagida bo‘lganlar jabrlangan yigitning “Gulom Usmonovich P.” nomiga berilgan 5469 5500 5429 0769 raqamli shaxsiy kartasiga mablag‘ o‘tkazishlari mumkin.

Shuningdek, ustki kiyimda ishxonadan keltirilgan G‘ulomjonga kiyim-kechak, dori-darmon yo oziq-ovqat yetkazmoqchi bo‘lganlar Ilgiza Yaxshiboyevaning +7-921-588-00-83 raqamli telefoniga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin.

XS
SM
MD
LG