Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:27

Tuproqni o‘rganib¸ tuproqqa ketgan olim haqida marsiya


Ahmad Xorazmiy Londonda konferensiyada
Ahmad Xorazmiy Londonda konferensiyada

“Men o‘limdan qo‘rqmayman¸ ammo o‘ligim ustida falonchining nutq so‘zlashidan qo‘rqaman” deydi yozuvchi Anton Chexov hikoyasi qahramoni.

“O‘ldi aziz bo‘ldi¸ shishdi semiz bo‘ldi” degan maqol ham bor. Shu ma’noda standart nekrolog yozishni ma’qul ko‘rmayman. Ammo Amatjon aka ( Ahmad Xorazmiy¸ Ahmad Hasanov) o‘limidan yarim yilcha oldin menga maktub yozib¸ “o‘lsam¸ albatta¸ Ozodlikda siz maqola yozing” deb vasiyat qilgan edi.

Bu vasiyatga ilova sifatida videorolik ham suratga olib jo‘natgan edi Videorolikda u “mening o‘limimga Karimov sababchi. Uni deb qochqinga aylandim¸ Uni deb g‘urbatda g‘arib bo‘lib¸ kasalga chalindim”¸ deya yozg‘irgan edi Ahmad Xorazmiy.

Matbuotda chiqishni¸ ayniqsa¸ tug‘ilgan kunlarida olim deya e’tirof etilib¸ ulug‘lanishni bolalarcha istar edi.

Ahmad Xorazmiy
Ahmad Xorazmiy

“Nima qilsam meni Ozodlik yozadi?” deganida¸ “ikki holatda siz haqingizda yozamiz¸ sizga Nobel mukofoti berishsa...” deb gap boshlashim bilan¸ “ikkinchisi men o‘lganda yozasizlar. Ammo o‘lganimda¸ albatta¸ yozing. Karimovdan zulm ko‘rib¸ mazlum bo‘lib o‘ldi deya yozing”¸ degan edi hazil qilib.

U kishining o‘lganini hamkasbim Zamiraga Ahmad Xorazmiyniing Xorazm viloyati Bog‘ot tumanidagi qo‘shnilari yetkazibdi.

Yaqinlarining qattiq motamda ekanini aytgan qo‘shnilarning gapiga ko‘ra¸ Ahmad Xorazmiy joriy yilning 5 aprelida Britaniyaning Stokport shahrida olamdan o‘tgan.

“Koronavirusdan o‘lmadi¸ yuragida bir necha bora jarrohlik amaliyoti o‘tkazgan¸ shuning oqibatida o‘tdi”¸ deyishdi uning yaqinlari.

Xabarga ko‘ra¸ 17 yildan buyon Britaniyada istiqomat qilayotgan qishloq xo‘jaligi fanlari doktori¸ professor¸ agrokimyogar, tuproqshunos olim Ahmadjon Xorazmiy (Ahmad Hasanov) 5 aprel kuni 72 yoshida Stokport shahrida olamdan o‘tibdi.

Rasmiy taqiq

Ozodlik ikki yil avval O‘zbekiston vatandoshi bo‘lgan Ahmad Xorazmiyning o‘z vataniga qisqa muddatga kirishiga o‘zbek mulozimlari tarafidan tushunarsiz taqiq qo‘yilgani haqida yozgan edi.

Ahmad hoji Xorazmiy 2018 yilda Shavkat Mirziyoyev nomiga maktub yozib, uni qo‘llab-quvvatlashini izhor qilgan holda¸ O‘zbekistonga safar qilib, yaqinlari bilan ko‘rishib qaytishga imkon berilishini so‘ragan edi.

Tuproqshunos olim o‘z maktubiga Mirziyoyevni maqtab gapirgan Ozodlikdagi radiosuhbat matnini ham ilova qilgan edi.

Ahmad Xorazmiyning Bosh vazir virtual qabulxonasidan olgan javob xatida “O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 21 noyabrdagi 408-qarorining 19-moddasi asosida, ya’ni “milliy xavfsizlik yoki jamoat tartibini muhofaza qilishni ta’minlash manfaatlari yo‘lida” O‘zbekiston Respublikasiga kelishingiz rad qilinadi”, deb yozilgan.

Bundan oldin ayni mazmundagi rad javobi yozilgan maktub olimning Xorazm viloyatida istiqomat qiladigan o‘g‘li Oybekka viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sa’dullayev imzosi bilan kelgan edi.

Ozodlik muxbiri (ya’ni men bilan) suhbatda Ahmad Xorazmiy “o‘lishimdan oldin tug‘ilgan yurtim Bog‘otga borib o‘tganlar qabrini tavof qilib¸ tiriklardan rozi-rizolik olib qaytaman¸ deb niyat qilgan edim. Niyatim amalga oshmadi. Visol qiyomatga qoldi”¸ degan edi.

G‘urbatdagi g‘arib edi

O‘lganlar haqida yaxshi gapirish kerak¸ deyishadi. Ahmad Xorazmiyning hijratdagi davri murakkab bo‘lgani va ba’zi muammolar bois Britaniyada sudma-sud yurganidan xabardorman. Britaniya sudi Ahmad Xorazmniyni nogiron deb topganligini ham bilaman. Ahmad Xorazmiy ikki marta yuragida amaliyot o‘tkazganidan ham xabarim bor. Hayot faqat kinolardagina go‘zal ko‘rinadi...

Ammo Ahmad Xorazmiy mutoiba va ko‘ngilxushlik qilishga doimo vaqt topar edi. Takabburlik¸ kattazanglik yo‘q edi u kishining fe’li-ro‘yida. Britaniyaning Stokport shahri ko‘chasida shlyapasini yerga qo‘yib qo‘liga gitara olib qo‘shiq aytayotgani videosini yuborgan edi menga. Videoda Ahmad Xorazmiy qo‘shig‘iga mahliyo bo‘lganlarning shlyapaga pul tashlagani aks etgan.

Ahmad Xorazmiy Britaniyada qo‘shiq kuylamoqda
Ahmad Xorazmiy Britaniyada qo‘shiq kuylamoqda

Afg‘onistonlik general Do‘stimga atab qo‘shiq yozib videotasvirga olib Afg‘onistonning Londondagi elchixonasiga erinmay yuborganini aytib bergandi bir safar.

Ahmad hoji Xorazmiy o‘z vaqtida afsonaviy hofiz Komiljon Otaniyozovdan tor chalish sirlarini o‘rgangan havaskor hofiz edi.

O‘zining aytishi bo‘yicha¸ u studentlik paytida Komiljon Otaniyozovning musiqiy dastasida yordamchi vazifasini bajargan. Yordamchining vazifasi doirakashning doirasini o‘choq oldidagi olovga tutib qizdirib tarang qilib berish bo‘lgan. Ba’zan ikkinchi rubobchi charchasa¸ qo‘liga tor olib soz ham chalgan. Doirakashning qo‘li og‘risa¸ doira chalgan.

Suhbatlashganimda¸ Komiljon Otaniyozov haqida ko‘p xotiralarni so‘zlab bergan va anchayin shirali ovozda eski qo‘shiqlarni xirgoyi qilgan edi.

Ochiqko‘ngil odam edi va ayni paytda Amatjon akada “yoshulli” tiynati bor edi. Ya’ni uzoq vaqt Xorazm viloyatida mulozim bo‘lgani uning xarakterida iz qoldirgan edi.

Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining sobiq a’zosi, professor Ahmad hoji Xorazmiy Xorazm viloyati hokimligi agrosanoat majmuasida va boshqa hukumat tizimlarida ishlagan edi.

Ahmad Xorazmiy 2005 yilda norozilik piketi uyushtirgan edi
Ahmad Xorazmiy 2005 yilda norozilik piketi uyushtirgan edi

2005 yilda Toshkent shahri hokimligi binosi oldida ishdan bo‘shatilganidan norozi bo‘lib piketlar o‘tkazgani ortidan tazyiqqa uchragan Xorazmiy o‘sha yili Britaniyadan siyosiy boshpana olgan edi.

O‘limidan yarim yilcha oldin menga yuborgan videosida u “kimnidir bilib bilmay xafa qilgan bo‘lsam¸ Olloh rizosi uchun uzr so‘rayman. Meni ham kimdir xafa qilgan bo‘lsa¸ hammani kechirdim” deya rozi -rizolik tilagan edi.

Mana Amatjon aka sizga bergan va’damning ustidan chiqib¸ siz haqingizda nekrolog yozdim. Ozodlikdagi hamkasblarim ham bu nekrolog yozilishini istashdi.

Ozodlik jamoasi sizning Britaniya¸ O‘zbekiston va Turkmanistondagi yaqinlaringizga ta’ziya bildiradi. Tuproqshunos olim edingiz. Yana o‘sha tuproqqa qo‘shildingiz. Boshqa nimayam derdim.

Shuhrat Bobojon. Praga. 8 aprelь

XS
SM
MD
LG