Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 06:28

Chexiya Rossiyaga ultimatum qo‘ydi


Rossiyaning Chexiyadagi elchisi Aleksandr Zmeyevskiy Chexiya tashqi ishlar vaziri Yakub Kulxanek bilan uchrashuvga kelmoqda. 21 - aprel, 2021 - yil
Rossiyaning Chexiyadagi elchisi Aleksandr Zmeyevskiy Chexiya tashqi ishlar vaziri Yakub Kulxanek bilan uchrashuvga kelmoqda. 21 - aprel, 2021 - yil

Chexiya Moskvadagi elchixonasining chetlatilgan xodimlariga 22 - aprel kuni tushga qadar ishga qaytishga ruxsat berilmasa, yanada ko‘proq rossiyalik diplomat mamlakatdan chiqarib yuborilishi haqida Rossiyani ogohlantirdi.

Chexiya Vrbetitse qishlog‘ida joylashgan o‘q-dori omborida 2014 - yili sodir bo‘lgan portlashda Rossiyaning qo‘li borligi gumon qilinmoqda. 19 - aprel kuni Chexiya tomonidan Rossiya razvedka xizmati xodimlari ekani aniqlangan 18 nafar rossiyalik diplomat Pragadagi ishidan chetlatildi. Bunga javoban Moskva Chexiya elchixonasining 20 xodimini badarg‘a qildi.

21 - aprel kuni Chexiya tashqi ishlar vaziri Yakub Kulxanek jurnalistlarga:

"Rossiya ertaga soat 12:00 gacha barcha chetlatilgan diplomatlar Moskvadagi Chexiya elchixonasiga qaytishiga izn berishi kerak", dedi.

"Agar ular qayta olmasa, men Rossiyaning Pragadagi elchixonasi xodimlari sonini qisqartiraman", dedi 21 - aprel kuni vazir etib tayinlangan Kulxanek.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova Praga "ultimatumlarni NATO doirasidagi kommunikatsiya bilan cheklashi" kerakligini aytdi.

"Rossiya bilan bunday ohangda muloqot qilib bo‘lmaydi", dedi Zaxarova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 22 - aprel kuni Chexiya elchisi chaqirtiriladi.

Kreml Praga ayblovlarini "asossiz" deya ta’riflab, ularni rad etmoqda.

Rossiyaning Pragadagi elchisi chaqirtirilganidan so‘ng so‘zlagan Kulxanek Moskvaning javobi "nomutanosib" ekani va Chexiya elchixonasi ishini falajlaganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Chexiyadan 18 nafar rus diplomatining chiqarib yuborilgani "Rossiya elchixonasi faoliyatiga ziyon yetkazmagan".

Chexiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozir Moskvadagi elchixonada 5 diplomat va 19 nafar boshqa xodim qoldi.

Vazirlikning bildirishicha, Rossiyaning Pragadagi elchixonasida hozirda 27 diplomat va 67 nafar boshqa xodim bor. Ikkala mamlakatning ham boshqa shaharlardagi konsulliklarda qo‘shimcha ishchilari bor.

Mojaro zo‘rayar ekan, Chexiya hukumati Rossiyaning "Rosatom" davlat korporatsiyasini Dukovani atom elektr stansiyasida yangi blok qurish bo‘yicha milliardlab dollar qiymatga ega tenderdan chetlatdi.

Kulxanek lavozimiga tayinlanishidan oldin tashqi ishlar vaziri lavozimini bajargan ichki ishlar vaziri Yan Gamachek Praga Rossiyaning COVID-19ga qarshi "Sputnik V" vaksinasini xarid qilish niyatidan voz kechganini bildirdi.

O‘tgan hafta Chexiya hukumati 2014 - yil oktabrida Vrbetitse qishlog‘idagi o‘q-dori omborida yuz bergan portlashda Rossiya maxsus xizmatlarining qo‘li bo‘lishi mumkinligi haqida bayonot bergan edi.

2014 - yil oktabr oyida sodir bo‘lgan portlash oqibatida 50 tonna o‘q-dori yongan, ikki kishi o‘lgandi. Oradan ikki oy o‘tgach, omborda yana bir portlash sodir bo‘lib, 13 tonna o‘q-dori yo‘qotilgan.

"The Insider" nashriga ko‘ra, chex hukumati 2018 - yil oxirlarida‑yoq ombor aynan rossiyalik agentlar tomonidan portlatilgani to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lgan, ammo muayyan sabablarga ko‘ra ular endi e’lon qilinmoqda.

Britaniya maxsus xizmatlari ushbu agentlar 2018 - yilda Sergey va Yuliya Skripallarni zaharlash uchun Buyuk Britaniyaga borganida ham shu pasportlardan foydalanganini aytib keladi.

XS
SM
MD
LG