Mirziyoev eksport mevalarni uch soatda rasmiylashtirish haqida qaror chiqardi

6 noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti meva-sabzavot eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi navbatdagi qarorni imzoladi.

Ozodlik suhbatlashgan eksportchilardan ba’zilarining prezident qaroridan hozircha xabari yo‘qligi, qaror bilan tanishganlar esa, undan xursand ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Jizzaxlik eksportchi bilan suhbat

Qarorning muhim nuqtalari

“Meva-sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar, shuningdek, quritilgan sabzavot va mevalarni mahalliy eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror bilan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga eksport shartnomasi tuzmasdan invoys asosida meva-sabzavot mahsulotlarining eksportini amalga oshirish huquqi beriladigan bo‘ldi.

(Invoys sotuvchi tomonidan xaridorga beriladigan hujjat bo‘lib, unda tovarlar miqdori va bahosi, xususiyatlari (rangi, vazni kabilar) jo‘natuvchi va qabul qiluvchi to‘g‘risida informatsiya kabi ma’lumotlar bo‘ladi - tahr.)

Shartnoma tuzmasdan infoys asosida meva-sabzavot eksport qiluvchi bir necha shartlarga rioya qilishi kerakki, ularni qaror matnidan o‘qishingiz mumkin.

Qarorga ilova qilingan sharhda mana bu muhim o‘zgarishlar qayd etilgan:

“...qaror bilan meva-sabzavot mahsulotlari eksportiga bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirish ko‘rik hujjati tuzilganidan keyin 3 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladigan tartib joriy etildi.

Meva-sabzavot va tez buziladigan mahsulotlarning eksporti uchun zarur bo‘lgan sertifikat berish muddati eksport qiluvchi tomonidan hujjatlar taqdim qilingan vaqtdan boshlab bir ish kuniga qadar qisqartirildi”.

Jizzaxlik eksportchi: Endi o‘zimiz ham mahsulot etishtiramiz

Meva-sabzavot eksporti bilan shug‘ullanuvchi Jizzax impex agrofirmasi rahbari Isroil Olimov Ozodlik bilan suhbatda prezident qaroridan xursandligini izhor qildi.

Uning fikricha, bu qaror mahsulot etishtiruvchilarga juda katta imkoniyatlar ochadi, bundan buyon o‘rtada turgan savdogarlar soni kamayadi, meva-sabzavot eksporti bilan shug‘ullanib kelgan firmalar bundan buyon ishlab chiqarishga ham e’tibor qaratadi.

“Masalan, bizning firma yong‘oqzor barpo qilmoqchi. 135 gektarda yong‘oq ekmoqchimiz, yerni tayyorlayapmiz, ko‘chat yetishtirayapmiz”, dedi Jizzax impex agrofirmasi rahbari Isroil Olimov.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Jizzaxlik eksportchi bilan suhbat

Surxondaryolik eksportchi: Kuni-kecha Qozog‘istonga 3 fura meva jo‘natdim

Surxondaryoning Uzun tumanida qayddan o‘tgan eksportchi firma rahbari Ozodlik bilan suhbatda prezidentning 6 noyabrdagi qarorigacha ham meva-sabzavot eksportchilari uchun imkoniyatlar keyingi oylarda ancha kengaytirilganini qoniqish bilan tan oldi.

“Keyingi oylarda eksport bilan shug‘ullanuvchi monopolist tashkilotlar yo‘qotildi. To‘siqlar olib tashlandi. Masalan, valyuta tushumining 25 foizini davlatga sotish majburiyati ham olib tashlandi. Ilgari uch tomonlama: sotib oluvchi, o‘rtadagi eksportchi kompaniya (“O‘zagroeksport”) va biz o‘rtamizda shartnoma tuzilardi. Biz o‘rtadagi tayyorlovchi kompaniya edik, xolos. Shu formula tugatildi. Endilikda o‘zimiz eksport qilayapmiz. Kuni kecha Qozog‘istonga 3 fura (og‘ir yuk tashuvchi avtomashina - tahr.) meva chiqardim, dedi surxondaryolik eksportchi.

Ozodlik bir necha kun oldin Surxondaryo viloyati hududidan tashqariga meva-sabzavot olib chiqish qiyin bo‘layotgani haqda xabar qilgan edi. Bugungi suhbatdoshimizning aytishicha, shu kunda muammolar bartaraf etilgan, meva-sabzavot eksportiga hech qanday cheklov yo‘q.

Ozodlik suhbatlashgan jizzaxlik eksportchi ham, uning surxondaryolik hamkasbi ham, gaplarining mazmuniga qaraganda, ancha kuchli eksportchilardir.

Toshkentlik fermer: O‘tgan yili 8 tonna oshqovog‘im chirib ketdi

Parkentlik (Toshkent viloyati) yana bir suhbatdoshimizning gaplariga qaraganda, u - fermer-eksportchi-xaridor zanjiridagi dastlabki bo‘g‘in. Aytishicha, u gilos, olxo‘ri va uzum yetishtiradi.

“Mahsulotimni ichki bozorda sotaman. 20-30 mln. daromad qilaman xolos. Mevamni tashqariga olib chiqishning yo‘lini topolmayapman”, dedi fermer.

Uning aytishicha, o‘tgan yili eksportchi tashkilot bilan shartnoma tuzib, kuyib qolgan. “10 tonna oshqovoq yetkazib berishga shartnoma tuzgan edim. Lekin shartnoma tuzgan odam olmadi oshqovog‘imni. Natijada ichki bozorda 2 tonnasini arang sotdim. Qolgan 8 tonnasi chirib ketdi. Muxbir ekansiz, meva-sabzavotimni eksport qilish yo‘lini tushuntirib berolasizmi?” dedi umid bilan fermer.

(Ozodlik muxbiri bu fermerga prezident Mirziyoev 6 noyabrda imzolagan qaror bilan tanishishni maslahat berdi.)