Tutu.ru sayyohlik servisi ma’lumotlariga qaraganda, kuz faslida Rossiyadan uchayotgan aviayo‘lovchilarning eng ko‘pi o‘zbekistonliklardir.
Servis o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, 1 sentabrdan 30 noyabrga qadar bordi-keldi aviachipta narxi 22,5 ming rublni tashkil etib, bu o‘tgan yilga nisbatan 7 foiz arzonroqdir.
Lekin, migrantlar va sayyohlar Rossiyadan O‘zbekistonga sotilayotgan aviabiletlar qo‘shni davlatlarga nisbatan ancha qimmat ekanidan norozilik bildirmoqda.
Tutu.ru sayyohlik xizmati orqali 2018 yilning 1 sentabridan 30 noyabrigacha Rossiyadan eng ko‘p aviachipta sotilgan mamlakatlar ro‘yxati O‘zbekiston, Gruziya va Italiya bilan boshlanishi ma’lum qilindi.
“Aviaport” nashri taqdim etgan tadqiqot natijalariga binoan, kelgusi uch oyga sotilgan biletlarning 10,7 foizi O‘zbekistonga sotilgan. Tutu.ru sayyohlik xizmati o‘tgan yilda O‘zbekiston 6,5 foiz bilan bu ro‘yxatda 3 o‘rin egallagani ma’lum qilingandi.
Shuningdek, O‘zbekiston shaharlariga sotilgan chiptalarning ikki tomonga o‘rtacha narxi ham ochiqlandi. O‘tgan yilning kuzida bitta bordi-keldi chipta o‘rtacha 24 144 rubl (371 AQSh doll.) turgan bo‘lsa, 2018 yilda bilet narxlari 22570 rublni tashkil etdi.
Shu tariqa, Ozarbayjon (+39%), Moldova (+32%), Qozog‘iston (+32%), Tojikiston (+17%) Qirg‘iziston (+5%) davlatlariga aviabiletlar narxlari ko‘tarilgan bir paytda, O‘zbekistonga chipta narxlari 7 foizga arzonlagani kuzatildi.
Agentlik tadqiqotchilari Rossiya bilan yaqin qo‘shni sanalgan mamlakatlarga eng ommabop aviareyslar ro‘yxatini ham keltirganini ko‘rish mumkin. Unda birdaniga 10 foizga arzonlagan Moskva-Toshkent yo‘nalishi 4- o‘rinni egalladi.
Rossiyalik mutaxassislar o‘tib borayotgan yoz faslida rus sayyohlari uchun eng ommabop yo‘nalishlar beshligiga aynan O‘zbekiston ham kiritilganini alohida urg‘ulamoqda.
Biroq, O‘zbekiston yo‘nalishida chipta sotib olganlarning qanchasi rossiyalik sayyohlaru, qanchasi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ekani to‘g‘risida ma’lumot berilmagan.
Ozodlik suhbatlashgan o‘zbek muhojirlari har kuzda Rossiyada kirib kelayotgan sovuqlar va va katta qurilish ishlari tugashi faslida o‘z yurtlariga qaytishini odatiy hol deb atadi.
Moskvada uzoq yillardan beri mehnat qilayotgan andijonlik Ra’no Hakimova fikricha, aynan salqin tushgan kuz O‘zbekistonda turli tadbirlar faslidir:
- Birinchidan, issiq pasayib, kuzda Rossiya bilan muloqot kuchayadi. Kuzda “O‘zbekistonga boringlar”, deb reklama qilinadi. Toshkentda va boshqa shaharlarda katta tadbirlar aynan kuzda o‘tkaziladi. Yozda issiqda rossiyaliklar boshqa davlatlarga ketadi, kuzda esa O‘zbekiston yozga o‘xshaydi. Keyin, mevalar pishgan vaqt – to‘y fasli boshlandi. Kuniga bizda to‘y! Va eng asosiysi – Mustaqillik bayramiga boradi odamlar. Dehqonlar, fermerlar kuzda hosillarini sotishib, to‘y qilishadi va mehnat migrantlari ham shu sezonga uyga shoshiladi.
Yana bir suhbatdosh – namanganlik Adham, oktyabrda O‘zbekistonga ketishni mo‘ljallamoqda.
Qirg‘iziston orqali aviachipta sotib olganini aytgan Adham, kuzda sovuq tushishi bilan katta-katta qurilishlarda ishlayotgan o‘zbek muhojirlari O‘zbekistonga qaytadi, deydi:
- Asosan qurilishda ishlaydiganlar kuzda ketadi. Buni hamma ham biladi! Mana mening tanishlarim hammasi kuzga bilet olgan. Shu sababli “O‘zbekiston havo yo‘llari” kuzda O‘zbekistonga borishni qimmat, kelishni arzon qiladi. Bahorda esa aksincha – Rossiyaga kelish qimmat, qaytish arzon. “Havo yo‘llari” rus kompaniyalariga qaraganda 1,5 – 2 ming rubl arzonroq yuradi, chunki yukni ko‘proq olishga ruxsat beradi. Hozirda keyingi oyga ketishga 16 mingga bilet oldi bolalar – o‘tgan yilga qaraganda 2 mingcha arzonroq. Qirg‘izistondan borish 10 ming – ikki-uch kundan keyin ketaman men ham.
O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha ketayotgan uchoqlarga chipta narxi qo‘shni davlatlarga nisbatan sezilarli darajada qimmat bo‘lib kelayotgani o‘zbek migrantlari noroziligiga sabab bo‘layotgani ma’lum.
Ayni paytda, Rosturizm 2017 yildan boshlab O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar soni 22 foizga oshgani to‘g‘risida ma’lumot berdi.