60 yashar ayolni zo‘rlashda ayblangan 25 yashar o‘zbek muhojiri 23 yilga qamaldi (FOTO-VIDEO)

Z.Bo‘riev o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘ldi

Leningrad oblast, Lomonosovskiy tuman sudi​ o‘zbekistonlik 25 yashar Zuhriddin Bo‘riev 23 yilga qattiq rejimli koloniyada jazo o‘tashga mahkum etdi. O‘zbek muhojiri o‘tgan yilning sentabrida 60 yashar mahalliy ayolni zo‘rlab, o‘ldirganlikda aybdor deb topildi.

Sud Zuhriddin Bo‘rievni 2017 yil 23 sentabrda avtomobil yukxonasidan topilgan 60 yashar mahalliy ayolning o‘limida aybdor deb topdi.

2018 yilning 17 sentabrida chiqarilgan sud qaroriga muvofiq, o‘zbek muhojiri, shuningdek, zo‘rlash, talon-taroj, qotillikni yashirish, mashina o‘g‘irlash va Jinoyat kodeksining boshqa qator moddalari asosida javobgarlikka tortilgan.

Z.Bo‘riev tergov jarayonida

- Rossiya Tergov Qo‘mitasining Sosnovoborskiy tumanlararo tergov bo‘limi xodimlari tomonidan yig‘ilgan isbot-dalillar sud tomonidan Zuhriddin Bo‘rievga ayblov e’lon qilishga etarli deb topildi. Tergovchilar sinchkovlik bilan bir yil davomida olib borgan qidiruv-surishtiruv ishlari jarayonida yig‘ilgan dalillarni inkor eta olmagan Bo‘riev sodir etilgan jinoyatlarga to‘liq iqror bo‘ldi, dedi Leningrad viloyati matbuot xizmati vakili adliya podpolkovnigi Yuliya Matoligina.

Ozodlik 2017 yilning 23 sentabrida Lomonosov tuman, Cheremikino qishlog‘iga qo‘ziqorin tergani chiqqan Olga Tochyonix yo‘qolib qolgani haqida xabar qilgan edi.

Uni qidirgani yo‘lga chiqqan ayolning 59 yashar eri va 36 yashar o‘g‘li yo‘lda ro‘parasidan Olgaga tegishli Hyundai Creta o‘tib qolganini ko‘rib, uni quvishga tushgan. Katta tezlikda “Mersedes”dan qochib ketayotgan mashina yo‘lda 4 ta boshqa avtomobil bilan to‘qnashib ketadi.

Hodisa joyiga yetib kelgan organ xodimlari guvohlar yordamida avtohalokatni yuzaga keltirgan “Hyundai” avtomobilidan yonida birorta hujjati yo‘q o‘zbekistonlikni qo‘lga olgan. Tekshiruv paytida yukxonadan bu avtomashina egasi bo‘lgan 59 yashar Olga Tochyonix ismli ayol jasadi topilgan.

Keyinroq Internet tarmoqlarida hodisa joyida o‘zbekistonlikni kaltaklab, so‘roqqa tutayotgan odamlar tasvirlangan video e’lon qilingan.

Sud mahkamasida ochiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, 60 yashar Olga Tochyonix o‘rmonda qo‘ziqorin terib yurganida o‘zbek migranti hujumiga uchragan. Bo‘riev yoshi o‘tgan ayolni yerga yiqitib zo‘rlagan, keyin qulog‘idan tilla isirg‘alarini uzib olgan va jinoyat izini qoldirmaslik maqsadida ayolni tosh bilan boshiga 21 marotaba urib, arqon bilan bo‘g‘ib, o‘ldirgan.

Sudda mashinadan topilgan jasadning polietilen paketga o‘ralgan boshi yorilgani, bo‘ynida arqon izlari borligi ma’lum qilindi. Avtomobil yukxonasida, shuningdek, tosh, arqon va belkurak ham topilgan.

Tergov boshlanishida 25 yoshli Zuhriddin unga qo‘yilgan ayblovni inkor etib, “notanish shaxs daraxtzorda bir ayolni zo‘rlayotgani va uni ham zo‘rlashga majburlaganini” aytgandi.

O‘ldirilgan ayolning turmush o‘rtog‘i Dmitriy va o‘g‘li Aleksandr Peterburgdagi “Alveto” qurilish dizayni kompaniyasi egalari ekani ma’lum.

Tergovchilarning Ozodlikka bergan ma’lumotlariga binoan, O‘zbekistondan 4 yil oldin kelgan Zuhriddin Bo‘riev Leningrad viloyatida tayinli ish joyi bo‘lmagan, atrof qishloqlarda turli yumushlarni bajarib, kun kechirib kelgan.

Lomonosov tuman sudi tomonidan aybdor deb topilgan Zuhriddin Bo‘riev keyingi 23 yilni qattiq rejimli koloniyada o‘tkazadi.