Jizzax viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video yuzasidan bayonot chiqardi.
3 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda haydovchining yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari bilan janjallashayotgani aks etgan, videoni suratga olib tarqatgan haydovchi YPX inspektorlari uni kaltaklaganini iddao qilgan.
Jizzax IIBsi matbuot xizmatining 5 dekabr kuni e’lon qilgan "Sharmandaga shahar kengmi?" sarlavhali bayonotida, yo‘l-patrulь xizmati xodimlari haydovchining emas, aksincha, haydovchining sherigi YPX xodimining yuziga musht tushirib, unga tan jarohati yetkazgani, haydovchining o‘zi YPX xodimi jezlini asfaltga urib sindirgani ta’kidlanadi.
IIB rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, haydovchi Lochinbek Tillavoldiev (Ozodlikning 4 dekabr kungi materialida Lochinbek Tillabo‘ldiev) “ZAZ FORZA” rusumli avtoulovida soatiga 119 kilometr (belgilanganidan 19 kilometr yuqori) tezlikda harakatlanayotgani uchun 2 dekabr kuni to‘xtatilgan.
"Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari Yunusbek Umarov va G‘ulom Qo‘yboqarovlar qoidabuzarga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirishga kirishganlarida haydovchi xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatdi.
Bu orada “ZAZ FORZA” yo‘lovchisi Azizbek Olimov yo‘l- patrul xizmati inspektori, safdor Yunusbek Umarovning yuziga musht tushirib, tan jarohati yetkazgan.
Buni ko‘rgan yo‘l-patrul xizmati xodimi G‘ulom Qo‘yboqarov qo‘lidagi jezlni avtomashina bagaji ustiga qo‘yib, yo‘lovchini tinchlantirmoqchi bo‘ladi. Lochinbek Tilobo‘ldiev esa jezlni olib, asfaltga urib sindiradi", - deyiladi Jizzax IIBsi bayonotida.
Jizzax IIBsining bayonotidagi ushbu versiya haydovchi Tillabo‘ldievning videoda aytganlariga tamomila teskaridir.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Haydovchi videoda yerda sinib yotgan militsiya jezlini ko‘tarib, yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari uni kaltaklaganini iddao qilgandi.
- Biz bilan urishib migalkalari ham sinib ketdi. Qulog‘im qonayapti, mana qarang. Meni GAI xodimlari urib, telefonim va hujjatlarimni qaytib bermayapti, - deydi Tillabo‘ldiev.
Lekin, tasvirlarda kaltaklash sahnasi aks etmagan. Tillabo‘ldiev telefonida kaltaklash s’yomkasi borligi uchun "telefonimni militsiya olib qo‘ydi" deb iddao qilgandi.
Jizzax IIBsi matbuot xizmati bayonotida aytilishicha, yo‘l-patrul xizmati xodimlari G‘ulom Qo‘yboqarov va hamkasbi Yunusbek Umarov avtoulovda berkinib, viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga qo‘ng‘iroq qilgan va yordam so‘ragan.
"Buni ko‘rgan Lochinbek Tillabo‘ldiev voy-voylashni boshladi. Azizbek Olimov esa “yakkaxon konsert”ni tasvirga olishga kirishdi.
Tasvirlarga e’tibor qilgan bo‘lsangiz, Lochinbek Tillabo‘ldiev o‘zini kaltaklashgani haqida gapirar ekan, avtomashina salonida o‘tirgan yo‘l-patrul xizmati xodimiga qarata “Aka tushib urmang meni, telefonni bering, urayapsiz”, deya qichqira boshlaydi.
Bu gaplarning o‘ziyoq Lochinbekning yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarini shantaj qilishga urinayotganligini sezdiradi. Xuddi shunday, Lochinbek Tilovoldievning telefonini hech kim olmagan", - deyiladi IIB bayonotida.
Lochinbek Tillabo‘ldiev va sherigi Azizbek Olimovlar avtomashinaga o‘tirib, voqea joyidan ketgan.
Ammo ularni Manas-14 yo‘l-patrul xizmati maskanida yana to‘xtatishgan.
Jizzax IIBsi bayonotida Lochinbek Tillabo‘ldiev va sherigi Azizbek Olimovlarga nisbatan qanday chora qo‘llanilgani aytilmagan.
"Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari belgilangan joyda o‘z xizmat vazifalarini qonuniy tartibda amalga oshirishgan. Bu borada xizmat tekshiruvi olib borilmoqda", - deyiladi Jizzax IIBsi bayonotida.
O‘zbekiston Jinoyat kodeksida hokimiyat vakiliga qo‘l ko‘tarish besh yilgacha bo‘lgan qamoq jazosini ko‘zda tutishi aytiladi.
Voqea guvohlaridan birining Ozodlikka aytishicha, o‘zini militsiya xodimlari kaltaklaganini iddao qilayotgan haydovchi Youtube portalidagi UzAbzor kanali administratori, farg‘onalik bloger Lochinbek Tillabo‘ldievdir.
- Lochinbek Samarqanddan Farg‘onaga qaytayotganida yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari yo‘lda radar o‘rnatib, uni to‘xtatishgan. Ikki o‘rtada janjal kelib chiqqan. O‘zi katta trassada radar o‘rnatish mumkin emas. Bu bola shunga e’tiroz bildirganida urishgan, - dedi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan blogerning sherigi.
Ozodlik Telegram orqali Tillabo‘ldievga chiqdi, lekin u intervyu berishga istak bildirmadi.
Jizzax viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi mulozimi Ozodlikka videoda aks etgan holatlar yuzasidan viloyat prokuraturasi surishtiruv o‘tkazayotganini aytdi.
O‘zbekistonda militsiya xodimlari va haydovchilar orasidagi janjallar haqidagi videolar birinchi bor paydo bo‘layotgani yo‘q.
Shu yilning may oyida Samarqandning Urgut tumanida militsiya xodimlari keksa yoshdagi haydovchi bilan mushtlashayotgani aks etgan videoni Ozodlik e’lon qildi.
O‘tgan yilning mart oyida Ozodlik Jizzax shahri markazida militsiya zobiti o‘rta yoshlardagi ayolning sochini ikki qo‘li bilan tortayotgani aks etgan videoni e’lon qilgan edi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yil fevral oyida o‘tkazgan selektor yig‘ilishida militsiya faoliyatini qattiq tanqid qilib, xalqning ulardan norozi ekanligini uqtirgan edi:
- Qonun himoyachilarining o‘zi jinoyat sodir etsa, oddiy odam dardini kimga aytishi kerak? –degan edi Mirziyoev.
Ayni paytda O‘zbekiston Adliya vazirligi matbuot xizmati 2019 yil 1 iyuldan boshlab yo‘l harakati qatnashchilari mobil videokamerasiz faoliyat olib borayotgan YPX xodimiga hujjatlarni taqdim etmaslik huquqiga ega bo‘lishlarini ma’lum qildi.