Sirdaryo viloyati Boyovut tumani hokimi Dilfuza O‘rolova O‘zbekistonda mahalliy kengash raisligidan ketgan ilk ijro hokimiyati rahbari bo‘ldi.
Tuman hokimligi matbuot xizmati 7 - fevral kuni tarqatgan xabarda aytilishicha, bundan buyon kengashga deputatlardan biri rahbarlik qiladi.
Ma’lum bo‘lishicha, Boyovut tumanida mahalliy kengash raisi tajriba tariqasida deputatlar orasidan saylanmoqda.
Tajribaning qanchalik keng qo‘llanishi ma’lum emas.
"Bir umrlik orzu"
7 - fevral kungi sessiyada Dilfuza O‘rolova mahalliy kengash raisligini topshirish "bir umrlik orzusi" bo‘lganini aytgan.
“Tajriba tariqasida Boyovut tumanida mahalliy kengash raisi deputatlar orasida saylanadi. Bir umrlik orzuyim shu, endi birinchi sektor rahbari sifatida kengash majlisida sektorlar qatorida pastda o‘tirib, neytral hisobot topshiraman, ya’ni o‘zim kengash raisi vazifasini amalga oshirmayman”, deya O‘rolovaning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda tuman hokimligi matbuot xizmati.
Amaldagi tartibga ko‘ra, viloyat yoki tuman hokimlari o‘z qarorlarini mahalliy kengashlarga taqdim qiladi va ayni hokimlar, kengash raisi tariqasida, o‘zlari kiritgan qarorni o‘zlari tasdiqlaydilar.
Hokimlarning mahalliy kengash raisligidan ketishi nima uchun aynan ayol hokimadan boshlangani ma’lum emas.
Dilfuza O‘rolova Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan O‘zbekistonda tuman hokimi lavozimiga tayinlangan 7 ayoldan biri.
Hokimalar
Boyovut tumani hokimi mahalliy kengash raisligidan ketgani e’lon qilinishidan bir kun avval yana bir ayol hamkasbi - Qarshi tuman hokimi Maqsuda Mustafoyeva esa o‘z arizasiga binoan vazifasidan ketgani ma’lum qilindi.
Tuman hokimligi matbuot xizmati bergan bayonotga ko‘ra, Mustafoyeva tanqidlar ortidan lavozimidan ozod qilingan.
Hokimning ishdan olinishiga jumladan, u rahbarlik qilgan davrda aholidan shikoyatlar ko‘paygani, hokim og‘ir uchastkalar bilan qiziqmagani sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Mustafoyevaning 2020 - yil mart oyida hokimlikka tayinlanishi prezident tashabbusi va gender tenglik ko‘rinishi sifatida taqdim qilingandi.
Tuman hokimi matbuot kotibi Ahror Sodiqovning Ozodlikka bildirishicha, kamchiliklar bois ishdan olingan sobiq hokimaga nisbatan surishtiruv yoki jinoyat tergovi bormayotir, u mehnat ta’tilida hamda tez orada keyingi faoliyati haqida xabar beriladi.
Ayni paytda tarmoqlarda Mustafoyevaning yuqori lavozimga tayinlanishi ehtimoli haqida ham gapirilmoqda.
Qarshi tuman hokimi matbuot kotibi Ahror Sodiqov endilikda sobiq hokimning taqdiri bilan bog‘liq xabarlarni sharhlay olmasligini bildirdi.
Tajribaga tushgan ayollar
Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelgach, muqaddam faqat erkaklardan iborat bo‘lgan hokimlar safiga ayollarni ham qo‘shish tashabbusi bilan chiqdi.
2019 - yil 27 - dekabrida Toshkentdagi uchrashuvlardan birida prezident, ilm ahli va rahbar ayollarni ko‘paytirish zarurati haqida gapirgan, shu jumladan ayol rahbarlar ko‘paysa, “korrupsiya kamroq, xalq bilan muloqot ko‘proq” bo‘lishini ta’kidlagan edi.
Prezidentning so‘zlaridan keyin hozirgacha 7 nafar ayol hokimlikka tayinlandi. Ularning ba’zilari joylarda cheksiz hokimiyatga ega erkak hamkasblari bilan bo‘lgani kabi mojarolar markazida qolishdi.
Мавзуга алоқадор
Президент аёлларни раҳбарлик лавозимларига тайинлаш амалиёти давом эттирилишини айтдиПолковник Сайëра Хўжаева: Бизга Маргарет Тетчер каби темир хотинлар зарур!Танзила Норбоева: “Ҳоким нима деса, депутатлар қўл кўтариб ўтираверади”Ўзбекистон тарихида илк марта Сенатга раис бўлган аёл ҳақида уч аёлдан уч хил фикр
Jumladan, Maqsuda Mustafoyeva 2020 - yilning 4 - martida lavozimga tayinlangach qator janjallar, jumladan Qarshi tumani hokimligida yig‘ilgan xayriya mablag‘laridan 100 million so‘mining noqonuniy o‘zlashtirilishiga aloqadorlik uchun tanqid qilingan, hayfsan olgan edi.
O‘sha yilning sentabrida Qashqadaryo viloyati sobiq hokimi Zoir Mirzayev jurnalistlarga bergan suhbatida Maqsuda Mustafoyevani hokimlik lavozimiga tavsiya qilganidan afsusda ekanini ham aytgan.
Andijon viloyati Bo‘ston tumanining marhum hokimasi Sadbarxon Mamitova esa, fermerlarni uyatli so‘zlar bilan haqorat qilgani qayd etilgan yozuv oshkor bo‘lishi bilan tanilgan. Ozodlik bu haqda xabar qilgan va buning ortidan Mamitova Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovdan ogohlantirish olgandi.
“Terisi yupqa” hokimalar
Andijon viloyatidagi mahalliy organlardan birida uzoq yillar ishlagan sobiq mulozimga ko‘ra, ayol hokimlar tegrasidagi janjallar yoki boshqaruv uslubining erkak hokimlarnikidan katta farqi yo‘q.
“Faqat bular ayol kishi bo‘lgani uchun ko‘proq e’tiborni tortyapti. Bundan tashqari, ayollarning “terisi biroz yupqalik” qilyaptiyam. Bu hokimlikda ishlaydiganlarning “beti qattiq”. Baqir-chaqir, so‘kish-urish, birovning haqqini yulish, yolg‘on gapirish, o‘g‘irlash, korrupsiya - hammasidan bor hokimiyatda. Ayollar bunaqa muhitda rahbar bo‘lganidan keyin o‘rnini topib olishi yanayam og‘ir bo‘lyapti. Shuning uchun, har maqomga tushib ketishyapti. Aslida, gap ko‘pam hokimning ayol yoki erkakligidamas, o‘sha viloyatdagi muhit va viloyat hokimlarining qanaqa rahbarligiga bog‘liq”.
20 yildan ortiq dalada ishlagan andijonlik fermer ayol, umri davomida 15 nafardan ziyod hokimni ko‘rgani, bulardan ikki nafari ayol kishi bo‘lganini aytadi.
O‘zining so‘zlariga ko‘ra, u hokimlar safida ayollar paydo bo‘lganidan avvaliga sevingan, ammo sevinchi uzoqqa bormagan.
“Ayol oilani sevadi, o‘z oilasini sevganday yurtini ham sevadi, deb xato o‘ylagan ekanman. Mana, hozir bizning tumanda hokim opa, bitta klasterning tarafini olib, fermerlarni boshqa klaster bilan ishlashiga qarshilik qilyapti. Necha marta arz qildik. 15 ta hokim bilan ishlagan bo‘lsam, xulosam shuki, hokimlik strukturasining o‘zi o‘zgarmasa, ayol hokim keladimi, erkak keladimi - natija bir xil bo‘laverar ekan”.
Prezident Mirziyoyev hokimlar mahalliy kengash raisligidan ketishi va hatto umumxalq saylovlarida saylanishini va’da qilgan, ammo bu va’dalar hanuz amalga oshgani yo‘q.
Ikkinchi muddatga saylangan Mirziyoyevning muhokamaga qo‘yilgan 5 yillik taraqqiyot strategiyasida mahalliy kengash raisligiga nomzod ko‘rsatish tartibini o‘zgartirish haqida so‘z boradi, xolos.