28 mart kuni Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tuman, Sarshungul qishlog‘ida uch go‘dak va ular onasining jasadlari quduqdan topildi.
Baxtsiz hodisa bo‘lganmi yoki oilaviy suitsidmi - hozircha ma’lum emas.
Tuman IIB vakili Ozodlikka bolalar quduqqa bo‘g‘ib o‘ldirilib tashlanganiga ishora qiluvchi belgilar borligi sababli, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bandi bo‘yicha tergovoldi surishtiruvlari boshlanganini bildirdi.
Fojia ro‘y bergan xonadon qo‘shnilaridan birining Ozodlikka aytishicha, quduqdan jasadi topilgan bolalarning eng kichigi 8 oylik, o‘rtanchasi 2 va kattasi 3 yoshda bo‘lgan.
Uch bola bilan birga ularning 32 yoshli onasining jasadi ham quduqdan chiqarilgan.
- Uyimiz yonida kolodets, suv saqlagich bor, lekin atrofi o‘ralmagan. Qishloqqa vodoprovod o‘tmagani uchun hamma shu yerdan suv ichadi. Bular ham shu quduqdan suv ichib kelgan. Bolalar shu yomkostga tushib ketganmi yo o‘ldirilib quduqqa tashlanganmi, xullas ona va bolalarning jasadi kecha ertalab shu quduqdan chiqarib olindi. Uy tarafini militsiya o‘rab olgan, tekshirishyapti, - dedi fojia ro‘y bergan xonadonning ismi sir qolishini so‘ragan qo‘shnisi.
Ozodlik suvga uch farzandi bilan quduqqa cho‘kib o‘lgan ayol hech qaerda ishlamaydigan 32 yoshli O‘lmeken To‘remuratova ekanini aniqladi.
Qo‘shnilarining Ozodlikka aytishicha, fojia ro‘y bergan paytda bolalarning otasi uyda bo‘lmagan.
- Eri Qozog‘istonga borib tirikchilik qilib yuradi. Shu kuni ham u Qozog‘istonda bo‘lgan. Xotini ishsiz. Juda kambag‘al oila edi. Erini Qozog‘istonda topgan puliga bular kun ko‘rib kelishgan, - dedi marhumaning qo‘shnisi.
Bir kunda uch farzandi va xotinidan judo bo‘lgan er Ozodlikka gapirishni istamadi.
Xo‘jayli tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimi Ozodlikka Sarshungul qishlog‘idagi fojia bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilayotganini aytdi.
Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanmasligini istagan Xo‘jayli huquq tizimlarida ishlovchi boshqa bir mulozim ommaviy qotillik va suitsid versiyasi ham o‘rganilayotganini bildirdi.
- Endi, qutqaraman deb tashlaganmi yo bolalar o‘ldirilib keyin quduqqa tashlanganmi - buni tekshiryapmiz. Hozir surishtiruv bo‘lyapti. Jasaddar ekspertiza qilindi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, kichik va o‘rtancha bolalar nafas yo‘lining qisilishi sabab o‘lgan. Ya’ni bolalar bo‘g‘ib o‘ldirilib, keyin quduqqa tashlangan bo‘lishi mumkin. Katta o‘g‘il va onaning joni esa suv ichida uzilgan. Bu yerda ommaviy qotillik va suitsid bo‘lgan, degan faraz bor. Lekin, buni o‘rganyapmiz, xulosa qilishga hali erta, - dedi Xo‘jayli huquq tizimlarida ishlovchi mulozim.
Ozodlik qarovsiz qoldirilgan bolalar quduq yoki ariqqa cho‘kib o‘lgani bilan bog‘liq holatlar haqida ilgari xabar bergan.
Lekin birdaniga uch go‘dak va onasining jasadi quduqdan topilishi hali kuzatilmagan.
Ozodlik Xo‘jaylidagi fojia tafsilotlarini o‘rganishda davom etadi.