Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 18:31

Fura sotib olish uchun Xorvatiyaga borgan ikki o‘zbek bedarak yo‘qoldi


Farg‘onalik Shuhrat Mamadaliev va chustlik Baxtiyor Lutfullaev joriy yil 14 mayidan beri Xorvatiyada bedarak yo‘qoldi.

Ozodlik mazkur xabarni bu ikki o‘zbekistonlik oila a’zolari so‘roviga ko‘ra e’lon qilmoqda.

Yaqinlariga ko‘ra¸ O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi bedarak yo‘qolgan ikki o‘zbekistonlikni qidirishga faol kirishgan.

2018 yili 20 tonnagacha bo‘lgan yuk mashinalarini O‘zbekistonga olib kirish uchun bojxona to‘lovi bekor qilingani ortidan Yevropa davlatlaridan fura sotib olishga kelayotgan o‘zbeklar sonining ko‘paygani aytilmoqda.

Hozircha bu Yevropa davlatlarida fura sotib olish jarayonida muammoga duch kelgan o‘zbekistonliklar haqida Ozodlikka yetib kelgan birinchi xabardir.

Bir sumka pul ko‘targan ikki o‘zbek qaerda?

Ikki o‘zbekistonlikning bedarak yo‘qolgani xabarini ular yaqinlari Ozodlikka 22 may kuni bildirdi.

Shuhrat Mamadaliev va Baxtiyor Lutfullaev yaqinlari Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasiga ham yordam so‘rab murojaat qilganliklarini aytishdi.

- Baxtiyor Lutfullaev Chustdan. U o‘z tanishi farg‘onalik Shuhrat Mamadaliev bilan birgalikda ikkita furaga yetadigan pul (taxminan 70 ming AQSh dollari) bilan Polshaga kelgan. Polshada bir dona eski Matiz mashinasini arzimagan pulga sotib olib¸ 13 may kuni Germaniya va Chexiya orqali Xorvatiyaga yo‘l olishgan. 14 may kuni ular bilan aloqa uzildi¸ deydi bedarak yo‘qolgan chustlik Lutfullaevning yaqini.

Farg‘onalik Shuhrat Mamadaliev yaqinlari Ozodlik bilan suhbatda Xorvatiyadagi mashina sotmoqchi bo‘lgan odam bilan gaplashishgani va bu sotuvchi o‘zbek mijozlarning yetib kelmaganini aytganini bildirdi.

Har ikkala suhbatdosh bu ikki o‘zbekistonlikning Xorvatiya hududida bedarak yo‘qolganiga ishonishini aytadi.

Germaniyadagi O‘zbekiston elchixonasiga yaqin bo‘lgan faollardan biri¸ “elchixonaning bu ikkala o‘zbekni qidirish ishiga astoydil kirishgan”ini bildirdi.

Ozodlik O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi bilan bog‘lana olmadi - 23 may kuni elchixona telefon raqamlariga hech kim javob bermadi.

Otingni sot¸ molingni sot¸ fura ol...

2018 yili prezident qaroriga muvofiq O‘zbekistonga olib kiriladigan g‘ildirakli traktor va 20 tonnagacha bo‘lgan yuk mashinalari, shuningdek pritseplar bojxona boji va aksiz solig‘idan ozod etilgan.

Bundan oldin bu transport vositalariga ularning bojxona qiymatidan 70 foiz bojxona to‘lovi olib kelingan.

“Bu qaror chiqishi ortidan minglab o‘zbekistonlik chet eldan fura olib kela boshladi” deydi o‘zbekistonliklarga minilgan furalarni sotish bilan shug‘ullanadigan tadbirkor.

- Oyiga 200¸ ba’zan 300 furani Brestdagi chegaraga oborib beramiz. Brestda yotoqxonalar tashkil qilganmiz. O‘zbekistonlik oluvchi o‘sha yerga kelib¸ mashinasini kutib o‘tiradi. Asosiy mijozlar shu tariqa fura olayapti. Germaniya va Avstriyadagi mashina jamlog‘iga borsangiz¸ bir kunda kamida bitta o‘zbek yuk mashina olayotganini ko‘rasiz¸ deydi shaxsi ochiqlanishini istamagan suhbatdosh.

Uning aytishicha¸ Germaniya va Avstriyada fura olmoqchi bo‘lgan o‘zbeklarning hozirga qadar muammoga yo‘liqmagan.

- Xorvatiya va Ruminiya xatarli. O‘zbeklar katta pulni sumkaga solib¸ ko‘tarib yuradi. Bu pulni ulardan tortib olmoqchi bo‘lgan talonchilar ham ko‘p¸ deydi suhbatdosh

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ochiqlagan ma’lumotga ko‘ra¸ 2019 yilning dastlabki uch oyi davomida O‘zbekistonga xorijdan umumiy qiymati 100 million dollardan oshiq avtomobil olib kirilgan.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 2,2 baravar ko‘pdir.

XS
SM
MD
LG