Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:19

Litva chegarasini "ko‘rinmas odam" qiyofasida kesib o‘tgan o‘zbekistonlik ustidan jinoyat ishi ochildi


Chegarada qo‘lga olingan o‘zbekistonlik
Chegarada qo‘lga olingan o‘zbekistonlik

Kiyimiga folga tiqib Belarus hududidan YI va Shengen kelishuviga a’zosi bo‘lgan Litva chegarasini kesib o‘tgan o‘zbekistonlik ustidan jinoyat ishi ochildi.

Bu qilmishi uchun o‘zbekistonlik muhojir 2 yilgacha qamoqqa hukm qilinishi mumkin.

Litva Chegara xizmatining Ozodlikka bildirishicha, 37 yashar o‘zbekistonlik alyumin qog‘ozga o‘ralgan kiyimi bilan teplovizorlarga ko‘rinmasdan chegarani "ko‘rinmas odam" kabi kesib o‘tishi va qo‘lga tushmasligiga ishongan.

Shu yilning 22 yanvar kuni Litvaning Druskininkay tumanida chegarani Belarus tomonidan noqonuniy kesib o‘tganlikda ayblanib qo‘lga olingan o‘zbekistonlikka nisbatan jinoyat ishi ochildi.

Litva Chegara xizmatiga qarashli Muvofiqlashtirish markazining Ozodlik bog‘langan rasmiysiga ko‘ra, davlat chegarasini bu kabi g‘aroyib shaklda noqonuniy kesib o‘tish urinishi hatto chegarachilarni ham juda taajjubga solgan.

- Bu haqiqatan taajjubga loyiq urinish! Chegaralarimizda maxsus kuzatish sistemasi bor va bu odam folga uning ishlashiga xalaqit beradi, deb o‘ylagan ko‘rinadi. Lekin uni videonazorat sistemasi aniqlab berdi. Keyin uni Litva hududida ushlashdi, dedi Litva Chegara xizmati rasmiysi.

Litva Chegara xavfsizligi xizmati Ozodlikka taqdim etgan videoyozuvda o‘zbekistonlik shaxsning chegara chizig‘iga kelib, uni orqachalab kesib o‘tayotganini ko‘rish mumkin.

Chegarachilarning aytishicha¸ ko‘p o‘tmay sumka ko‘targan bu shaxsni qo‘lga olishga operativ guruh jo‘natilgan va ular Mona ismli izquvar ovcharka iti bilan qonunbuzarni tezda topishga muvaffaq bo‘lgan.

Dastlabki surishtiruv davomida qo‘lga olingan 37 yashar shaxsning o‘zbekistonlik ekani aniqlangan. Litva chegarachilariga ko‘ra¸ ismi oshkor qilinmayotgan o‘zbekistonlik kamuflyaj rangidagi shimi, pidjagi va shapkasini ichki qismidan folga bilan qoplab chiqqan.

“O‘zbek chegarabuzari folga qog‘ozi issiqlik nurlarini tarqatib yuboradi va u teplovizorlar uchun ko‘rinmaydi¸ degan xayolda chegarani kesib o‘tganini aytib berdi”, dedi litvalik chegarachilar.

Folga qog‘ozi bilan qoplangan o‘zbekistonlik kiyimi
Folga qog‘ozi bilan qoplangan o‘zbekistonlik kiyimi

- Qo‘lga olingan shaxsning yonida hech qanday hujjati yo‘q ekan. Hozir jinoyat ishi ochildi, sud bo‘ladi. Litva qonunlari bo‘yicha chegarani kesib o‘tgani uchun javob beradi. O‘zbekistonlik ekanini aytgan bu shaxs 2 yilgacha qamoq jazosiga tortilishi mumkin. Har holda, sud hal qiladi uning taqdirini, dedi Litva Chegara xavfsizligi xizmati vakili Ozodlik bilan suhbatda.

Litva chegarachilari 2000 yildan buyon bu mamlakat chegarasida teplovizor tizimi o‘rnatgan.

Chegara xizmati rasmiysiga ko‘ra¸ bungacha Belarus va Litva chegarasini o‘zini folga bilan o‘ragan chegarabuzarlar bir necha marotaba kesib o‘tishga uringan, ammo ko‘pdan beri bu “usuldan” hech kim foydalanmay qo‘ygan.

Litva chegarasida ushlangan o‘zbekistonlik¸ aytilishicha¸ hozirda Druskininskay tergov izolyatorida qolmoqda.

XS
SM
MD
LG