Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ko‘chalar va xiyobonlarda keyingi kunlar oqshomida qo‘llariga “Jamoatchilik nazorati guruhi - NG” yozuvi bitilgan bog‘ich taqqan yosh erkaklar paydo bo‘ldi.
Ichki ishlar xodimlari bilan birgalikda 26 avgust, shanba oqshomida navbatchilikka chiqqan NG a’zolaridan birining Ozodlikka aytishicha, ularning ishi o‘tgan-ketganning hujjatini tekshirishdan iborat bo‘lgan.
Mahalliy nashrlarda yangilik sifatida taqdim etilayotgan Nazorat guruhlari, aslida, Sovet davridagi Xalq drujinalarining nomi o‘zgartirilgan nusxasidir.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
“Nazorat guruhi” Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i hamda Toshkent shahar hokimining qarorlari bilan nomi tilga olingan tumandagi maktablarning jismoniy tarbiya o‘qituvchilaridan tuzilgani xabar qilindi.
NGchining shanba oqshomidagi ilk navbatchiligi
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi maktablardan birining 31 yashar jismoniy tarbiya o‘qituvchisi (ismi aytilmasligini so‘radi) Ozodlikka guruh tarkibida 26 avgust, shanba oqshomida ilk bor navbatchilikka chiqqani aytdi:
- Shanba kuni kechki payt soat 7 yarimda 121- maktabda tumandagi 35 ta maktabdan 24 kishi yig‘ildik. Maktab oldida militsiyaning tayanch punkti bor. Biroz turganimizdan keyin RUVDga borasizlar deyishuvdi, RUVDga bordik. Soat 8 da tushuntirish olib borishdi. Kim qaerda navbatchilik qilishini aytishdi, dedi o‘qituvchi.
U yana bir hamkasbi bilan navbatchilikni soat 8 yarimda shaharning Ts-5 mavzeida, shu yerdagi 7- tayanch punkti xodimlari bilan boshladi. Navbatchilik kechqurun soat 11 da yakuniga yetdi va birga yurgan militsiya xodimlari ruxsat bergach, uyiga qaytdi.
O‘qituvchining aytishicha, ular “o‘tgan-ketganning hujjatini tekshirgan bo‘lishdi”, lekin hech qanday favqulodda hodisa sodir bo‘lgani yo‘q. U yana qachon navbatchilikka chiqishini bilmaydi. “O‘zlari telefon qilishsa kerak”, dedi.
NG, aslida aprelda boshlangan?
Suhbatdoshimizning aytishicha, shanba kungi navbatchilik uning ilk navbatchiligi emas. “Aprel-may oylarida ham 7 marta, haftasiga 1 kundan chiqqanman navbatchilikka”, dedi o‘qituvchi. O‘shanda ham biron bir favqulodda hodisa bo‘lganini u eslolmadi.
NGga oid yangilikning boshqa tafsilotlari
Shanbadan boshqa kunlari navbatchilikka kimlar chiqadi? O‘qituvchi javobini bilmagan bu savolni Ozodlik Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatidan so‘ramoqchi bo‘ldi. Biroq xizmat telefonini ko‘targan mulozim na bu savolga, na NG bo‘yicha boshqa savollarga javob berdi. “To‘g‘risi, bu ishning tafsilotlarini bilmayman”, dedi mulozim.
Ozodlik Mirzo Ulug‘bek tumanidagi bir qator maktablar bilan bog‘landi. Aksari maktablarning NGdan xabari borligi, unga o‘qituvchi bergani, biroq bu tadbirdan xabarsiz qolgan maktablar ham borligi ma’lum bo‘ldi.
Aytilishicha, Mirzo Ulug‘bekda tuzilgan NG – hozircha tajriba bo‘lib, uning samarasi sezilsa, boshqa tumanlarda ham tuziladi.
NGga aylangan Xalq drujinniklari
Toshkentlik huquqshunos Ruhiddin Komilovdan “Nazorat guruhi”ni tuzishning huquqiy asoslarini so‘ramoqchi bo‘ldik. U “drujinniklar”, deb atalgan bunday guruhlar Sovet davrida bo‘lganini esladi:
- Ko‘p borganmiz, o‘zingiz ham borgan bo‘lishingiz kerak drujinniklikka. Jamoat tartibini saqlashga yordam berardik tegishli organlarga,- dedi huquqshunos Sovet davrini nazarda tutib.
NG a’zosi yo‘qotgan vaqt nima bilan qoplanadi?
26 avgust kuni NG tarkibida navbatchilikka chiqqan o‘qituvchi na aprel-mayda chiqqan 7 ta navbatchiligida, na kuni kechagi navbatchiligida sarflagan vaqti uchun qandaydir bir shaklda tovon to‘lanishi to‘g‘risida hech kim hech nima va’da qilmaganini aytdi.
Huquqshunos Ruhiddin Komilovning fikricha, bu normal holat:
- Jamoat tartibini, tinchligimizni saqlash kerak bo‘lsa, qilishimiz kerak buni. Ijobiy narsa bu, dedi Ruhiddin Komilov.
Sovet davrida Xalq drujinachilarining navbatchilikda o‘tkazgan vaqtlari hisobga olingan va navbatchilikda yo‘qotgan vaqtlari evaziga qo‘shimcha dam olish kuni yoki mehnat ta’tiliga kun(lar) qo‘shib berilgan.
“Mahalla posbonlari” ham bor ediku?
O‘zbekiston hukumati Sovet davridagi Xalq drujinalari o‘rniga bundan bir necha yil oldin jamoat tartibini saqlashda jamoatchilikning ishtirokini ta’minlashning boshqa shaklini ixtiro qilgan edi.
Vazirlar Mahkamasi raisi Islom Karimovning 1999 yil, 19 apreldagi qarori bilan “Mahalla posbonlari” jamoat tuzilmalari tashkil etilgan, 2014 yilning 4 martida esa, Bosh vazir Shavkat Mirziyoev “Mahalla posbonlari” jamoat tuzilmalarini yanada takomillashtirish to‘g‘risida qarorni imzolagandi.
So‘nggi qaror bilan tasdiqlangan Nizomning VII bandida “Mahalla posbonlari” tuzilmasi rahbarini va a’zolarini rag‘batlantirish choralari belgilab qo‘yilgan.