O‘zbekistonlik Ali Feruzga Rossiyadan uchinchi davlatga chiqib ketishga ruxsat berildi

Ali Feruz

“Novaya gazeta” muxbiri Xudoyberdi Nurmatov (Ali Feruz) ozod etilsa, Rossiyani tark etishi va bu mamlakatdan qochqinlik maqomi so‘ramasligini bildirdi. Juma, 2 fevral kuni Moskva shahar sudi Ali Feruzga uchinchi mamlakatga chiqib ketishga ruxsat berdi.

Moskva shahar sudi shaharning Basmanniy tuman sudining kelib chiqishi qo‘qonlik bo‘lgan va Moskvadagi “Novaya gazeta”da Ali Feruz taxallusi bilan ishlagan Xudoyberdi Nurmatovni Rossiyadan badarg‘a qilish to‘g‘risidagi qarorini bekor qildi.

2 fevral kuni Mosgorsudda bo‘lib o‘tgan appelyatsiya mahkamasida Ali Feruz Rossiyada qolish niyati yo‘qligini bildirdi.

- Hurmatli sud raisi, men Rossiyadan qochqinlik so‘rash va bu yerda legallashish niyatim yo‘qligini aytmoqchiman. Men ketmoqchiman va suddan mamlakatni tark etishga ruxsat berishini so‘rayman, dedi Ali unga so‘z berilganida.

Jurnalist unda “Xalqaro Qizil xoch tashkiloti tomonidan berilgan yo‘lovchi hujjati” va “Germaniya elchixonasi bergan viza”si borligini bildirdi.

Sud jarayonida so‘zga chiqqan advokat Daniil Haymovich ham Ali Feruzning chiqib ketishiga zaruriy bo‘lgan barcha zaruriy hujjatlar, hatto Germaniyaga ketishga aviachipta borligini ma’lum qildi.

Bu hujjatlar bilan birga Alining onasi tomonidan yozilgan ariza bilan tanishib chiqqan sud Feruzga Rossiyani nazorat ostida tark etishga ruxsat berishini bildirdi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan “Novaya gazeta”ning bosh muharrir o‘rinbosari Olga Bobrova dushanba kuni Ali Feruz ozodlikka chiqishi va darhol Rossiyani tark etishi mumkinligini ma’lum qildi.

- Bizning qo‘limizda Ali Rossiya hududini nafaqat deportatsiya tarzida, balki o‘z xohishi bilan tark etishi mumkinligi to‘g‘risida izoh berilgan sud qarori bor. U O‘zbekistonga emas, uchinchi mamlakatga chiqib ketishi mumkinligi ham aytilgan. Biz bu hujjatni to‘liq olishni kutib o‘tiribmiz. Dushanba kuni bu hujjatlarni biz Saxarovodagi sud pristavlariga olib boramiz va Ali ozodlikka chiqib, yaqin orada Rossiyadan chiqib ketishiga ishonib qolamiz, dedi Olьga Bobrova.

Himoyachilar Ali Feruzni uchinchi mamlakatga chiqarib yuborish bo‘yicha jarayonni yettinchi marotaba o‘tayotgani, pristavlar yana qanaqadir hujjat so‘rab qolishi va Alining chiqib ketishi yana ortga surilishi mumkinligi xavfi mavjudligini jurnalistlarga eslatib o‘tdi.

Xudoyberdi Nurmatov (Ali Feruz) himoyasiga bo‘lib o‘tgan oxirgi aksiyalardan biri

Bundan bir haftacha oldin bo‘lib o‘tgan mahkamada Moskva shahar sudi “Novaya gazeta”ni “noqonuniy tarzda va migratsiya qonunchiligini buzgan holda Xudoyberdi Nurmatovni ishga rasmiylashtirgani uchun” 400 ming rubl jarimaga tortgan edi.

24 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan o‘sha majlisda Rossiya Oliy Sudi Nurmatovning kassatsiya arizasini qondirib, jurnalistni Rossiyadan chiqarib yuborish haqida quyi sudlar chiqargan qarorni qayta ko‘rib chiqishga yubordi.

Hozirgacha Saxarovodagi deportatsiya markazida yarim yildan buyon qolayotgan Ali Feruz 2017 yilningg avgust oyi boshlarida Rossiyada qonuniy ishlash tartibini buzganlikda ayblanib qo‘lga olingan edi. Jurnalist O‘zbekistonga qaytadigan bo‘lsa, u yerda terror tashkilotiga a’zolikda ayblanishi mumkinligini iddao qilmoqda.

2017 yilning 1 avgustida Moskvaning Basmanniy tuman sudi O‘zbekiston vatandoshi bo‘lgan Xudoyberdi Nurmatovni 5 ming rubl jarimaga tortib, mamlakatdan O‘zbekistonga chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror chiqargandi. O‘zining nohaq qarorlari bilan tanilgan Basmanniy sudining bu qarori ham jamoatchilik noroziligini keltirib chiqardi, Ali Feruz himoyasiga ko‘plab aksiyalar, yurishlar va piketlar uyushtirilgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergandi.

“Novaya gazeta” muxbiri Ali Feruzning ishi Strasburgdagi sudda ko‘rilgan va uni O‘zbekistonga chiqarib yuborish mumkin emasligi to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi.

Oktabr oyining oxirlarida Ali Feruz Andrey Saxarov nomidagi "Mardlik uchun" ordeni bilan mukofotlangan edi.