Andijon hayvonot bog‘ida sher bog‘ qorovulini g‘ajib tashladi. Voqea 28 dekabr ro‘y bergani bugun ma’lum bo‘ldi.
Hayvonot bog‘i xodimlaridan birining Ozodlikka aytishicha, bog‘ qorovuli qafasga ovqat olib kirgan paytda sher unga tashlangan, oqibatda sher changalida halok bo‘lgan.
Bu xabarni ichki ishlar bo‘limi navbatchisi tasdiqladi
Andijon viloyat, Xo‘jaobod tumani Bog‘ishamol mavzesidagi hayvonot bog‘ida sher saqlanadigan qafasga ovqat olib kirgan bog‘ qorovuli sherga yem bo‘ldi.
28 dekabrda ro‘y bergan hodisa haqida hayvonot bog‘ining ismi sir qolishini so‘ragan xodimi Ozodlikka so‘zlab berdi:
- Ham qorovul, ham hayvon boquvchi edilar. Qafasga ovqat olib kirgan mahal sher unga tashlanib, tilkalab tashlagan. Sher och qolib ketgan, degan taxmin bor.
Andijon shahar Ichki ishlar bo‘limi navbatchisi Ozodlikka hayvonot bog‘ida shunday hodisa bo‘lganini tasdiqladi, lekin matbuotga bu haqda to‘liq ma’lumot berolmasligini aytdi.
O‘zbekistonda kattaligi jihatdan Toshkent hayvonot bog‘idan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi Andijon hayvonot bog‘i 2016 yilda ochilgan. Unda ellik turdan ko‘p hayvon saqlanadi.
Xo‘jaobod tuman madaniyat bo‘limi mulozimi Ozodlikka hayvonot bog‘i xususiy shirkat tasarrufida ekani bois, fojia yuzasidan izoh berolmasligini aytdi.
Hayvonot bog‘i rahbariyatidan esa, Ozodlik hozircha izoh ololmadi.
O‘zbekiston hayvonot bog‘larida hayvonlarning odamga tashlanishi kuzatilmagan.
Lekin o‘tgan yili Toshkent sirkida "Rijik" laqabli maymunni yo‘lbars yeb qo‘ygani haqida Ozodlik xabar bergandi.
O‘zbekiston hayvonot bog‘lari va sirkda hayvonlar o‘ta ayanchli sharoitda saqlanishi haqida hayvon himoyachilari tashvish bildirishadi.
Toshkentdagi O‘zbek Davlat Sirkining xodimlari ham yem-hashak va ozuqa yo‘qligi sabab artist hayvonlar "kun sayin ozib, o‘lasi holga kelgani" borasida Ozodlikka shikoyat qilishgan edi.